Bojxona qömitasi Toşkent xalqaro aeroportida mobil qurilmalarni rasmiylaştiriş vaqtinça töxtatilib, keyin yana tiklangani yuzasidan matbuot anjumani ötkazdi.

Anjumanda Kun.uz muxbiri IMEI bilan boğliq ayrim qoidabuzarliklar sabab nima uçun aeroportda telefonlarni rasmiylaştiriş umumiy tartibda töxtatib qöyilganini söradi. Savolda qonuniy olib kirilayotgan telefonlarni şubhali holatlardan ajratiş imkoniyati, şuningdek, keçikiş oqibatida fuqarolar va tadbirkorlar körişi mumkin bölgan zararni kim qoplaşi masalasi ham kötarildi.

Qömita boşqarma boşliği Farhod Olimjonov öz javobida Bojxona kodeksining 202-moddasiga tayandi. Uning tuşuntirişiça, bojxona nazoratida mutaxassis xulosasiga ehtiyoj tuğilgani sabab rasmiylaştiruv uşlab turilgan. 202-moddada bojxona nazorati paytida maxsus bilim va könikmaga ega, manfaatdor bölmagan mutaxassis yoki ekspertni jalb qiliş mumkinligi körsatilgan.

Kun.uz muxbiri telefonlarni rasmiylaştirişni umumiy tartibda töxtatib turiş vakolati va tartibi qayerda körsatilganini söradi. Qömita vakillari mutaxassis jalb qiliş zaruratini takrorladi. 202-modda mutaxassis jalb etiş tartibini belgilaydi. Anjumanda rasmiylaştiruvni töxtatişga vakolat beruvçi norma yoki şu haqdagi qaror körsatilmadi. Ehtimoliy zararni qoplaş haqidagi savolga ham aniq javob berilmadi.

Olimjonov tijorat yuklari rasmiylaştirişda davom etganini, aeroportda esa “xavfi yuqori” deb baholangan qurilmalar vaqtinça saqlovga olinganini aytdi. U qaysi mezonlar asosida telefonlar şu toifaga kiritilganini oçiqlamadi.

IMEI kodining haqiqiyligini kim aniqlaydi?

Olimjonovning aytişiça, Vazirlar Mahkamasining 778-son qaroriga muvofiq, IMEI kodlarini tekşiriş, taqqoslaş va röyxatga oliş - tizim operatori zimmasida. Bojxona esa tovarning tölov miqdoriga taʼsir qiladigan xususiyatlarini tekşiradi.

Ayrim nomuvofiqliklarni bojxona dasturining özi körsatadi. Anjumanda maʼlum qilinişiça, yölovçi deklaratsiyasi tizimi 2026-yil fevraldan buyon kiritilgan IMEI böyiça telefonning marka va modelini çiqaradi. Tijorat importida bunday imkoniyat 2025-yil örtalarida paydo bölgan. Kodga mos model bilan deklaratsiyadagi model farq qilsa, tizim inspektorni ogohlantiradi. Kodlar haqiqatan bir qurilmaga tegişlimi yoki ulardan biri soxtalaştirilganmi, degan savol tuğilsa, bojxonaga UzIMEI mutaxassisi kömaklaşadi.

UzIMEI vakili Kun.uz’ning bir telefon kodi bilan boşqa qurilmani qanday qilib röyxatdan ötkaziş mumkin bölgani haqidagi savoliga javoban, qömita bilan hamkorlikda yangi sxemalarni aniqlaş va bartaraf etiş ustida iş olib borilayotganini aytdi.

Bojxona vakillari IMEI tizimini noqonuniy importga qarşi kuraş va xavfsizlik bilan boğladi. Jurnalistlar esa tizim orqali neçta öğirlangan telefon bloklangani va uning samarasi baholangan-baholanmaganini söradi. UzIMEI vakili Içki işlar vazirligidan sörov kelganda qurilma bloklanişini bildirdi. Bunday sörovlar soni keltirilmadi. “Xolis tahlili yöq bizda”, - dedi UzIMEI vakili.

Rasmiy iPhone importi

Bojxona qömitasi maʼlumotiga köra, rasmiylaştirilgan iPhone’lar soni 2024-yilda 12 mingta, 2025-yilda 260 mingta bölgan. 2026-yilning dastlabki ön oyida bu körsatkiç 533 mingtaga yetgan. Anjumanda matbuot uçun tarqatilgan relizdagi 452 minglik raqamga ham aniqlik kiritildi, bu - bojxona yuk deklaratsiyasi orqali olib kirilgan iPhone’lar soni. 533 minglik jami körsatkiçga yölovçilar olib kirgan va bojxona kirim orderi orqali rasmiylaştirgan qurilmalar ham qöşilgan.

Qömita yana bir körsatkiçni keltirdi. UZIMEI’da yuridik şaxslar nomiga röyxatdan ötkazilgan qurilmalar uluşi 2020-yildagi 39 foizdan 2025-yil yakunida 91 foizga yetgan. Qömita bu ösişni telefonlarni röyxatga olişda bojxona deklaratsiyasi maʼlumotlaridan foydalaniş va ikki tizim örtasida axborot almaşinuvi yölga qöyilgani bilan boğladi.

Anjumanda rasmiy importçilar ham sözga çiqdi. Samsung Electronics Uzbekistan vakili UZIMEI’da röyxatdan ötişdan oldin bojxonada deklaratsiyalaş talabi joriy etilgaç, kompaniyaning rasmiy importi taxminan ikki baravar oşganini aytdi. Apple’ning Özbekistondagi rasmiy distribyutori ASBIS rahbari esa norasmiy kanallar orqali sotilgan, avval faollaştirilgan ayrim telefonlar keyinçalik bloklanişi yoki ulardagi SIM-karta slotlaridan biri işlamasligi mumkinligini qayd etdi.

Noqulayliklar uçun uzr söraldi

Bojxona qömitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriev telefonlarni rasmiylaştirişda yuzaga kelgan noqulayliklar uçun uzr söradi. U vaqtinçalik çorani bojxona xodimlari keyinçalik telefonlarni noqonuniy olib kirişga aloqadorlikda ayblanişining oldini oliş bilan izohladi.

“Albatta, uç kun davomida yuzaga kelgan noqulayliklar uçun biz barça yurtdoşlarimizdan uzr söraymiz”, - dedi u.

Anjumanda aeroport bojxonasi xodimlari söroqqa çaqirilayotgani haqida ham savol berildi. Qömita vakillari tekşiruv olib borilayotganini tasdiqladi. Neçta xodim çaqirilgani va ular nimada gumonlanayotganiga aniqlik kiritilmadi.

IMEI’ni röyxatdan ötkaziş yiğimini bekor qiliş mumkinmi va bu yiğimdan tuşgan mablağlar qayerga sarflanadi, degan savollarga anjumanda batafsil javob berilmadi. UzIMEI vakili texnik masalalar böyiça javob berişini aytdi. Taşkilotçilar tuşumlar sarfi haqidagi savolni UzIMEI’ning alohida matbuot anjumanida berişni taklif qildi.

Yangi yildan bojxona tölovi qanday özgaradi?

Anjumanda jismoniy şaxslar uçun bojxona tölovi va UZIMEI’da röyxatdan ötiş yiğimi muhokama qilindi. Qömita vakillari aeroport orqali şaxsiy ehtiyoj uçun olib kirilgan tovarlarga bojsiz meyor tatbiq etilganda, yagona bojxona tölovi meyordan oşgan qismga hisoblanişini tuşuntirdi. Misol uçun, 1 000 dollarlik meyor qöllanadigan yölovçi 1 200 dollarlik telefon olib kirsa, 30 foizlik tölov 200 dollardan hisoblanadi va 60 dollarni taşkil qiladi.

Prezident farmoniga köra, 2027-yil 1-yanvardan yagona bojxona tölovi stavkasi 20 foizga tuşadi (har bir kg uçun minimal tölov esa 3 dollardan 2 dollargaça pasayadi). Qömita keltirgan misolda 200 dollarlik farqqa 20 foiz stavka qöllansa, tölov 40 dollarni taşkil qiladi.

Jahon savdo taşkiloti muzokaralarida telefonlar uçun nol stavka

Maʼlum qilinişiça, Özbekistonning Jahon savdo taşkilotiga aʼzo bölişi böyiça muzokaralarda mobil qurilmalar uçun import bojini nol foiz darajasida belgilaş kelişilgan. Amaldagi boj stavkasi 5 foiz bölib, bu stavka nolga tuşganda ham QQS (12 foiz) saqlanib qoladi. Farhod Olimjonovning hisobiça, bojning bekor qilinişi telefon narxini 5 foizdan sal kamroqqa tuşirişi mumkin.

“Öşa kelişuvda mobil qurilmalarning stavkasini 0 foiz miqdorida kelişganmiz”, - dedi u. Nol stavka kuçga kiradigan aniq sana aytilmadi.

Anjumanda JSTga aʼzolik ortidan IMEI yiğimi pasaytirilişi yoki bekor qilinişi mumkinmi, degan savol ham berildi. Olimjonov IMEI masalasi muzokaralardan örin olmaganini bildirdi.