O‘zbekiston | 10:46 / 15.11.2024
3793
2 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlik qilgan FVV avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi

Taqiqlangan joydan burilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi binosiga kirib ketgan haydovchiga faqatgina yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun 187 ming 500 so‘m jarima qo‘llangan.

Qoidabuzarlik qilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, FVVga tegishli “01 050 FVV” raqamli Malibu avtomobili haydovchisiga qonuniy chora ko‘rilgan. Haydovchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) asosan yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun BHMning yarim baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.

Kun.uz'ga kelib tushgan videoda “01 050 FVV” raqamli Malibu avtomobili taqiqlangan joydan burilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi binosiga kirib ketganini ko‘rish mumkin. Voqea 12 noyabr kuni Toshkent shahri Nurafshon ko‘chasining Sharof Rashidov ko‘chasi bilan kesishmasi yaqinida ro‘y bergan. FVV binosi shu yerda joylashgan.

MJtKning 128-5-moddasi 2-qismiga ko‘ra, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqish – 10 BHM (3 mln 750 ming so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid