Toshkent shahar Iqtisodiy sudi Appelyatsiya instansiyasining 2018 yil 5 martdagi №1001-1731/15747-son qarorida “odamzot tomonidan yaratilmagan jurnal” haqida so‘z boradi. Qanday qilib jurnal, ya'ni bosma nashrda qog‘ozdan tayyorlangan mahsulot o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi?
Gap shundaki, tadbirkor Anvar Jalolov “Hisobot jurnali” nomi bilan mahsulot chiqarib, uni uzoq yillardan buyon sotuvga qo‘yib kelgan. Bu jurnal Jalolovning ilmiy ishi natijasida yaratilgan.

Lekin 2017 yilning avgustida mazkur mahsulot o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib “Spectrum media group” MChJ (SMG korxonasi) tomonidan soxta (kontrafakt) tovar sifatida bozorda sotilgan. Buni ko‘rgan Jalolov, avvaliga, o‘z muallifligini asoslash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga murojaat qilgandi. Uning xulosasini olgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti Toshkent shahar Chilonzor tuman bo‘limiga murojaat qilgan. Departament arizachiga sudga murojaat qilishni tavsiya etgan. Ko‘rsatma bo‘yicha Jalolov Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan. Bu sud, tabiiyki, Agentlikning xulosasi asosida da'vogarning da'vosini qondirgan va soxta mahsulot ishlab chiqargan tadbirkorga qonunda belgilangan choralarni qo‘llagan.
Shu bilan adolat tantana qildi, deb bu xabar yakunlanishi kerak edi, lekin qiziq voqealar shundan so‘ng ro‘y bera boshladi. Avvaliga soxta mahsulot ishlab chiqargan tadbirkor – SMG korxonasi o‘zining xatti-harakatlarini noto‘g‘ri ekanligini tan oldi, kichik miqdorda tovon to‘lashini muallifga bildirdi va buning evaziga muallif o‘zining barcha talablaridan voz kechishi zarur edi. Bo‘lmadi, keltirilgan zarar hajmida kelisha olinmadi. Shundan so‘ng javobgar tomon apellyatsiya instansiyasiga murojaat qildi.
“Apellyatsiya instansiyasida ishtirok etayotgan paytda va sud yakunida e'lon qilingan qarorni eshitganda qandaydir tush ko‘rayapman, deb o‘yladim”, – deydi A.Jalolov. – “Sudyalarning mulohazasiga asosan, emishki, jurnal odamzot tomonidan yaratilmagan, u ijodiy mehnat mahsuli emas va yakka tartibda ishlab chiqarilmagan. Vaholanki jurnal muqovasida mening ismim va familiyam yozib qo‘yilgan. Bunday xulosadan maqsad shuki, agar meni odam emas deb topishsa, unda mendagi mualliflik huquqi yo‘qoladi, demakki, bunday huquq javobgar tomonda paydo bo‘ladi”.
Shunday ham bo‘ldi. Apellyatsiya sudining yuqorida tilga olingan Qarori asosida bugungi kunda sakkiz yildan buyon jurnalni chiqarib yurgan, bir necha o‘n minglab odamlarga bu mahsulotdan qanday foydalanish yuzasidan seminarlar, reklamalar uyushtirib mahsulotni xaridorgir qilgan haqiqiy muallif – muallif emas, deb topildi.














