Toshkent shahri va atrofidagi issiqxonalarga «yashil» maqomga oʻtib ishlashga ruxsat beriladi. Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan ajratish rejalashtirilmoqda. Issiqxona xoʻjaliklariga soliq imtiyozlari berildi. 1-noyabrdan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari uchun bojxona yigʻimi kamayadi. Qashqadaryoda sel avtomobilni oqizib ketishi oqibatida bir kishi halok boʻldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkent shahri va atrofidagi issiqxonalarga «yashil» maqomga oʻtib ishlashga ruxsat beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini taʼminlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Yigʻilishda Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun «yashil» texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi. Isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qattiq yoqilgʻida ishlayotgan issiqxonalarga joriy yil 1-dekabrga qadar ushbu manbalarga oʻtish taklif qilinadi. Yoqilgʻini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi, kul va shlakni xavfsiz yigʻish uchun sharoit, zaxira generatori mavjudligi, tutun moʻrisi minimal balandlik meyoriga muvofiqligi kabi qatʼiy texnik talablarga mos boʻlgan issiqxonalargagina qattiq yoqilgʻidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan ajratish rejalashtirilmoqda

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi. Shu haqdagi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Muhokama 28-oktabrgacha davom etadi.

Loyihaga koʻra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida, jumladan, joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Mablagʻ 2026-yil 30-noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy karta yoki bank kartasiga oʻtkaziladi.