Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan o‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta'lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Maktab o‘quvchilarini sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish masalalari umumiy o‘rta ta'limning majburiyligi hamda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslarning ta'lim olish tilini erkin tanlash huquqini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

O‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish

O‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish huquqiga ega.

Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Maktab direktori arizani qabul qilib olgan kundan boshlab bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.

Sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me'yordan ortiq bo‘lgan taqdirda, maktab direktori o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilishi mumkin.

Sinfdan sinfga o‘tkazish rad etilganligi haqida maktab direktori tomonidan uch kun ichida ota-onalarga yozma ravishda ma'lum qilinadi.

Maktab direktorining o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

O‘quvchini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish

Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.

Ota-onalar farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda o‘quvchi ta'lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.