Oʻzbekiston shaharlarida 1-noyabrdan boshlab issiqlik taʼminoti va issiq suv tariflari koʻtarilishi mumkin. Xususan, Toshkent shahrida tariflarni 30 foizga oshirish taklif etilyapti. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan.
Poytaxt Toshkentda issiqlik tariflari oxirgi yillarda bir necha bor sezilarli oshdi va rasmiylar tannarxni qoplash uchun kelgusi yillarda ham tariflar oʻsishini istisno qilmayapti. Shunday ekan, markazlashgan tarmoqqa ulangan isteʼmolchilar tarmoqdan ixtiyoriy ravishda voz kechib, xonadon ichida issiqlik va issiq suvni nisbatan kamroq xarajat evaziga taʼminlab beruvchi ikki konturli individual gaz qozonlaridan foydalanishga oʻtishi mumkinmi?
Kun.uz muxbirining bu savoliga 15-oktabr kungi matbuot anjumanida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva “yoʻq” deb javob berdi.
“Markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlangan koʻp kvartirali uylarni markazlashgan issiqlik tizimidan uzish taqiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-iyuldagi 194-sonli qarori 88-bandiga muvofiq, uy ichi isitish quvurlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish, demontaj qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Hozir koʻryapmiz, aholimiz isitishda muammolar bor deb chiqyapti, lekin xonadonlarni uyma-uy kirib koʻrganimizda markazlashgan issiqlik tizimiga quvurlarni noqonuniy ulab olish holatlari: issiq pol qilib oʻzgartirish, xonadonning balkonini ham isitish tarmogʻi bilan qamrab olish holatlari uchrayapti. Bu – qoʻshnilarga juda katta taʼsir qiladi va isitish tizimi buzilishiga olib keladi”, – dedi vazir oʻrinbosari.
Ozoda Joʻrayevaning qoʻshimcha qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 265-son bayoniga asosan, 2022-yil 1-dekabrdan boshlab yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uylarni gaz tarmogʻiga ulash toʻxtatilyapti. “Bundan keyin gazni iqtisod qilish maqsadida uylar faqat elektr taʼminoti bilan taʼminlanadi”, dedi u.
Qurilish vazirligi 2025-yil yanvarida Kun.uz'ga bergan izohida bundan buyon yangi quriladigan koʻp qavatli uylarning barchasi yo hududda mavjud markazlashgan qozonxonaga ulanishi, yoki alohida yangi qozonxonalar qurilishini maʼlum qilgandi
















