Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev mamlakat parlamentida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston bilan chegara delimitatsiyasi doirasidagi yer almashuvlari haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, kelishuv bo‘yicha O‘zbekiston 4 485 gektar, Qirg‘iziston esa 19 699 gektar yer oladi.

Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘iziston quyidagi yerlarga ega chiqadi:

  • G‘ovasoy hududi (G‘ovasoy daryosi o‘tgan hudud) – 12 949 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Ko‘kserek qishlog‘i – 105 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Bayastan qishlog‘i – 212 gektar;
  • Ungar-Too tog‘i – 35 gektar;
  • Qorasuv tumanidagi Oqtosh qishlog‘i – 100 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Qorabeles qishlog‘i – 25 gektar (avval O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan);
  • Shahrixonsoyning bir qismi – 19,5 gektar;
  • So‘zak tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
  • O‘zgan tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
  • O‘rta to‘qay suv ombori – 1 009,5 gektar (to‘laligicha);
  • Ola-Buqa tumanidagi Birinchi may va Ko‘kserek qishloqlari;
  • Oqsoy tumanidagi Jyetigen, Kerben va «Aeroport» qishloqlari – 571 gektar;
  • Nooken tumanidagi Shamaldisoy qishlog‘i – 1 088 gektar;
  • Aravon tumani – 148 gektar;
  • Qadamjoy tumanidagi Ko‘kdala va Pildiriq hududlari – 1 013 gektar.

Shuningdek, Tashiyev Kampirravot suv ombori yaqinidagi 4 485 gektar yer O‘zbekistonga o‘tganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv omborida suvning gorizontal sig‘imi hajmi 908 metrdan 900 metrga tushirilgach, 1 246 gektar yer bo‘shagan va bu yerlar Qirg‘izistonga o‘tgan.

«Avvallari Kampirravot suv omboridan faqat O‘zbekiston fuqarolari foydalana olardi. Endi esa boshqaruv teng yo‘lga qo‘yiladi: ikki davlatdan 4 kishidan bo‘ladi. 70 yil davomida suv omboridan foydalanishni O‘zbekiston mustaqil belgilab keldi. Endi Qirg‘iziston fuqarolari suvdan erkin foydalana oladi: [ekinlarni] sug‘orish, hayvonlarni sug‘orish, baliq ovlash va nasos bilan suv tortishlari mumkin bo‘ladi», dedi Tashiyev.