Toshkent shahri hokimligi: «G‘afur G‘ulom» bog‘i o‘rnida turar-joy majmuasi qurilmaydi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «G‘afur G‘ulom» nomli madaniyat va istirohat bog‘i o‘rnida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari muhokama markazida bo‘lmoqda. Ko‘pchilik bog‘ o‘rnida yangi turar-joy majmualari barpo etilishidan xavotirlarini bildirmoqda.
Kun.uz ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Ma'lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi 670-F-sonli Farmoyishiga muvofiq, Chilonzor tumanida joylashgan umumiy yer maydoni 13,99 gektar bo‘lgan «G‘afur G‘ulom» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i Singapurning «BMP Smart Decision Private Limited» kompaniyasiga bog‘ni rekonstruksiya qilish orqali poytaxt aholisi va mehmonlarining madaniy hordiq chiqarishlari uchun qulay bo‘lgan zamonaviy ko‘ngilochar maskanga aylantirish uchun ijara huquqi asosida 49 yil muddatga ajratib berilgan.
Kompaniya ushbu bog‘ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun 2019-2022 yillarda jami 10 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Kiritiriladigan investitsiyalar natijasida:
- ko‘ngilochar maskanga tashrif buyuruvchilarning yoshi va ijtimoiy holati inobatga olinib, bolalar uchun 15ta, oilaviy dam oluvchilar uchun 20ta, ekstremal hordiq chiqarishni xush ko‘ruvchilar uchun 10ta, umumiy hisobda 45ta turli attraksionlar barpo etilishi;
- jami 300 o‘ringa mo‘ljallangan 2ta amfiteatr qurilishi;
- tashrif buyuruvchi bolali oilalar uchun qisqa muddatli bolalar bog‘chasi, bolalarning tantanali tadbirlarini o‘tkazish inshootlari, rangli suratlar aks ettirilgan kartografik favvora, xorijiy va mahalliy adabiyotlar bilan boyitilgan hamda shinam o‘quv zaliga ega bo‘lgan kutubxona, kattalar va bolalar uchun maxsus texnik vositalarga ega sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qishki yopiq dam olish markazi, shuningdek, mavjud ko‘l atrofida yugurish yo‘lakchalari tashkil etilishi aytiladi. Ta'kidlanishicha, investorga loyihadan chetlashib, ko‘ngilochar maskanga taalluqli bo‘lmagan bino-inshootlar qurilishi kuzatilsa, shu zahoti shartnoma bekor qilinishi haqida shart qo‘yilgan.
«Bog‘ hududi to‘liq rekonstruksiya qilinishi va yangilanishi natijasida bir kunda 10 ming nafardan ortiq tashrif buyuruvchilarga zamon talablari darajasida xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Rekonstruksiya ishlari olib borilishi jarayonida bog‘dagi daraxtlarga umuman ziyon yetkazilmaydi. Aksincha yangi turdagi daraxtlar ekilishi hisobiga bog‘ning yashillik darajasi ortadi.
O‘tgan yil oxiri-joriy yil boshida ayrim ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan «bog‘ turar-joy quruvchi kompaniyaga berib yuborilyapti, bog‘ hududidagi daraxtlar kesib yuboriladi» mazmunidagi ma'lumotlar sababli vujudga kelgan noroziliklar ortidan aholi va bog‘ hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan shahar va tuman hokimliklari tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ularga haqiqiy holat tushuntirilgan va kelishuvga erishilgan», deyiladi hokimlik matbuot xizmati Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotda.
Mavzuga oid
18:02
Lisenziyasiz faoliyat, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024