O‘zi qanday odam ishsiz sanaladi? Ishsizlik — ishlash layoqatiga ega bo‘lgan va mehnat qilish istagini bildirgan iqtisodiy faol fuqarolarning ish topa olmasligi.

Ishsizlik juda ko‘p muammolarga zamin yaratadi — jinoyatchilik oshadi, oilalarda notinchlik paydo bo‘ladi, bolalarning tarbiyasi buziladi. Ishsizlikning ma'lum darajaga yetishi hatto davlatchilik tanazzuliga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ya'ni bu yerda illatli doira paydo bo‘ladi: ishsizlar ko‘payishi davlatni zaif qiladi, zaif davlatda esa ishsizlar yanada ko‘payadi. Lekin dunyoning xoh rivojlangan, xoh rivojlanayotgan biror davlati yo‘qki, ishsizlik muammosi bo‘lmasa.

Bizni ko‘proq o‘zimizdagi holat qiziqtiradi. O‘zbekistonda rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ishga layoqatli aholining taxminan 10 foizi ishsiz. Ya'ni ichki mehnat bozorida band bo‘lganlar, chetga ketganlardan tashqari 1,5 mln nafarga yaqin fuqaro ishsiz hisoblanadi.

Ishsizlik jiddiy muammo ekanligi, unga qarshi astoydil kurashish zarurligini e'tirof etgan holda, bugun masalaga ikkinchi tarafdan yondashib ko‘ramiz.

Bugun aksariyat tashkilotlar, ayniqsa nodavlat kompaniyalar yaxshi xodimlar qidirib, bo‘sh ish o‘rinlari haqida e'lonlarni muntazam joylashtirib borishadi. Eng katta ish beruvchi bo‘lgan davlat tizimida ham vakant talaygina.

Misolga e'tibor bering: Toshkent viloyatida 130 ming aholi ishsiz, kelgusi besh yilda 270 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ayni paytda viloyatda 8 ming pedagog, 11 ming muhandis va texnologlar, 3 ming agronom va veterinar, 7 mingdan ziyod IT sohasida, geologiya va qurilish-loyihalash sohalarida kadrlar yetishmaydi.

Bu prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifidagi nutqidan, ya'ni birinchi manbadan olingan ma'lumotlar.

Kimdir muttasil ish izlaydi, qaysidir tashkilotlar esa malakali xodimga zor. Xo‘sh, nega shunaqa? Albatta, maosh kamligi, ish sharoitlarini og‘irligi, geografik noqulaylik kabi jiddiy sabablar bor. Lekin tanganing ikkinchi tarafiga e'tibor berilsa, boshqa jiddiy sabablarni ham ko‘rish mumkin: sabr-toqat yo‘qligi, malaka yetishmasligi, noreal orzular shular jumlasidan.

Afsuski, juda ko‘pchilik yoshlar, ya'ni mehnat bozorini muttasil to‘ldirib borayotganlar amalda imkonsiz talablar bilan ham qimmatli vaqtlarini, ham yaxshi imkoniyatlarini yo‘qotadi. Chunki hech kim yosh mutaxassisni diplomi borligi uchungina, yoki shu odam ishsizligi uchungina (deylik) 10 mln so‘m maosh bilan kutib o‘tirmaydi.