O‘zbekiston | 10:55 / 29.12.2021
16088
5 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi nosoz yo‘l sababchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Zarar ko‘lami – 4,5 mlrd so‘m

Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdorlari Ahmad Donish ko‘chasida avtomobil yo‘lining cho‘kishida aybdor deb topilib, ularga nisbatan “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining 500 metr qismi 2021 yilning may oyida 40-50 sm.gacha cho‘kkandi. Natijada yo‘lning ushbu qismida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan, prezident tashrifidan ko‘p o‘tmay yangi foydalanishga topshirilgan yo‘lda bu holat yuzaga kelgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlarining o‘rganishlari natijasida mutasaddi tashkilotlar tomonidan «Yunusobod-Turkiston» yerosti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta to‘ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmagani, texnik nazorat talab darajasida olib borilmagani hamda avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari noto‘g‘ri loyihalashtirilgani cho‘kish holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bu orqali davlatga 4,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Foto: Kun.uz

Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, Ahmad Donish ko‘chasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Toshkent shahar bosh imom-xatibi, o‘sha paytda Yunusobod tumanidagi «Mirza Yusuf» (Bodomzor) jome masjidi imom-xatibi bo‘lgan Sayyid Rahmatulloh Termiziy o‘z ma’ruzasida yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya sababli yangi qurilgan yo‘llar ham uzoq turmasligi, ko‘p vaqt o‘tmay yomon ahvolga kelib qolishi haqida so‘z boradi.

Foto: Kun.uz

“Kattasidan tortib oddiy ishchisigacha «Alloh meni ko‘rib turibdi», deb yo‘l qursa nima bo‘ladi, birodarlar? Yo‘llar yomg‘ir yog‘gach cho‘kib ketmaydi, yangi yo‘l qurilgach yil bo‘yi remont bo‘lib yotmaydi.

Agar Alloh ko‘rib turibdi desa, o‘g‘rilik bo‘lmaydi. 1 km yo‘l quraman deb, 10 ta uchastka bitmaydi. Bir qurilgan yo‘l yillab salomat turadi. Nima bu axir, qanday sharmandalik? Yangi yo‘l tushadi-yu, faqat uni o‘rab, remont qilib yotadi: bu yog‘ini endi remont qilsa, bu yog‘i cho‘kib ketaveradi.

Hammasi – ana shu e’tiqodning yo‘qligi sabab. Alloh taolo ko‘rib turibdi, degan narsa yo‘q. Faqat o‘g‘rilik, poraxo‘rlik va korrupsiya bo‘lgani uchun. E’tiqodi bor odam ko‘prik qursa, ko‘prigi qulab tushmaydi, birodarlar. E’tiqodi bor odam uy qursa, uyiga odam ko‘chib kirmasdan remont talab bo‘lib qolmaydi, birodarlar!” – degan edi u.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi imomning ma’ruzasidan norozi bo‘lib Musulmonlar idorasiga shikoyat yo‘llagandi. Qo‘mita yo‘l qurilishiga ajratiladigan mablag‘lar talon-toroj qilinishi haqida gapirgan imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzasiga raddiya berilishini so‘ragan. Biroq imom so‘zlarida biror bir tashkilot va mansabdorni tilga olmaganini aytib, raddiya berishga majbur emasligini ta’kidlagandi.

Imom Sayyid Rahmatulloh Termiziy o‘z ma’ruzasida nazarda tutgan, 10 oyda 7-marta ta’mirlanayotgan yo‘l Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining 556 metrlik qismi bo‘lib chiqqandi. Kun.uz surishtiruvidan so‘ng 2020 yil 29 avgust kuni (9 oy avval!) foydalanishga topshirilgan yo‘lning ushbu qismi 10 oy ichida 7-marotaba ta’mirlanayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mutasaddilari takror-takror ta’mirlanayotgan yo‘l qo‘mita tasarrufida emasligini aytib, suvdan quruq chiqishga harakat qilishgandi. Mas’ullarning aytishicha, Toshkent shahridagi barcha yo‘llar mahalliy, ya’ni ichki foydalanishdagi yo‘llar hisoblangani bois, shahar hokimligi tasarrufida hisoblanadi va tuman obodonlashtirish bo‘limlari tomonidan ta’mirlanadi. Vaholanki, qonunchilikka asosan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirishi kerak. Bu davlat organi avtoyo‘llar sohasida yagona texnik siyosatni yuritishga mas’ul.

Mavzuga oid