Bugun dunyoda 665 mln odam bo‘qoq va qalqonsimon bez kasalliklaridan aziyat chekyapti. Bo‘qoqning nafas olish, oshqozon ichak faoliyati, asab tizimiga katta zarar yetkazgani tufayli og‘ir operatsiya yordamida davolashga harakat qilingan. Tibbiyot mutaxassislari bo‘qoqdan xalos bo‘lishning yengil, samarali va zamonaviy usullarini o‘ylab topishyapti.

Ana shunday samarali davolash usuli bo‘lgan mikroto‘lqinli ablyatsiya usulidagi operatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida o‘tkazildi. O‘zbekistonlik bir guruh shifokorlar xorijda bu amaliyot yuzasidan tajriba orttirib qaytishdi.

Bu operatsiya onco.uz jamoasi homiyligida nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlarida birinchi marta bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan operatsiya oldidan o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiyadan kelgan onkologiya sohasidagi mutaxassislar  ishtirok etishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar uchun Minimal invaziv qalqonsimon terapiya bo‘yicha Yevropa tashkiloti vitse-prezidenti professor Bulent Chekich tomonidan operatsiya amalga oshirildi. Shu kunning o‘zida qalqonsimon bez o‘smasi tashxisi qo‘yilgan 10 nafar bemorlar professor tomonidan o‘smadan xalos bo‘lishdi. Amaliyot Xitoyning ECO Microwave kompaniyasiga tegishli SABERWAVE 200G qurilmasi yordamida amalga oshirildi.

Mikroto‘lqinli ablyatsiya yo‘li bilan o‘smalardan xalos bo‘lish nimasi bilan samarali degan savol tug‘ilishi tabiiy.

  • mazkur operatsiya 10 daqiqa davom etadi;
  • protsedura tugagandan keyin bemor bemalol uyiga ketishi mumkin;
  • ortiqcha muolajalar va dorilar ichish tavsiya etilmaydi;
  • yo‘qotilgan o‘sma boshqa tiklanmaydi;
  • terida chandiqlar qolmaydi.