20:03 / 22.01.2023
36303
Ortiqxo‘jayev iste’fosi, to‘xtamagan gaz eksporti va bardavom “qo‘l” boshqaruvi - hafta dayjesti

Energiya inqirozi yana uchta mulozimni lavozimidan ayirdi: muammo kadrlardami yoki islohotlar kechikayotganida? Xitoyning gaz statistikasi: O‘zbekiston dekabrda ham chetga gaz sotganmidi? Prokuror va o‘qituvchilar voqeasi: ma’muriy islohotdan keyin ham sektoral boshqaruv davom etaveradimi? Ortda qolgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekiston bugun o‘z vaqtida qilinmagan islohotlarning tovonini to‘layapti.

Agar besh yil oldin hokimlarni xalq saylaydigan tizimga o‘tilganida, hozirgidek Toshkentning holiga maymunlar yig‘lamayotgan bo‘lardi.

Agar besh yil oldin ochiq va raqobatli energetika bozorini yaratish boshlanganida, millionlab odam hozir o‘z uyida qishni odamga o‘xshab o‘tkazayotgan bo‘lardi.

Agar besh yil oldin elektr va gazdagi tubi ko‘rinmas o‘g‘riliklarni tugatishga jiddiy harakat qilinganida, qarg‘ishdan boshqa iloji qolmagan xalq hozir o‘g‘rilarga la’nat aytib, bolasini uch qavat ko‘rpaga o‘rab o‘tirmagan bo‘lardi.

Haqiqiy islohotlar zarurati va energetikadagi qing‘irliklar haqidagi bu fikrlar tugab borayotgan haftada ko‘pchilikning xayolidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Afsuski, ortda qolgan haftada O‘zbekiston yana bir katta imkoniyatini boy berdi. Ayni mana shu anomal sovuq biz uchun, 36 millionlik xalq uchun nafaqat sinov, balki katta imkoniyat ham edi. Chunki muqobil reallikda bu sovuq ochib tashlagan haqiqatlar, Toshkentdagi misli ko‘rilmagan energiya inqirozi butun mamlakat uchun tub burilish nuqtasiga aylangan bo‘lardi. Hammasi ham to‘g‘ri ketmayotgani, jiddiy xatolar bo‘layotgani, faqat shakl emas, boshqaruvning mohiyati ham o‘zgarishi kerakligini anglatgan bo‘lardi.

Bunday bo‘lib chiqmadi. Asosiy o‘zgarish faqat kadrlar almashinuvidan iborat bo‘ldi. Jahongir Ortiqxo‘jayev salkam 5 yil Toshkentni Dubayga aylantirish yo‘lida qilgan qurilishlari bir kun kelib oyog‘iga bolta bo‘lishini kutmagani aniq. Yillardan beri jamoatchilik bong urib kelayotgan muammolar – bosh rejaning yo‘qligi tartibsizlikni keltirib chiqarayotgani, qurilishga ruxsat berilganda mavjud infratuzilmaga tushadigan yuklama inobatga olinmayotgani prezidentning dushanba kungi yig‘ilishida rasman tan olindi.

“Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on “svodka” bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”,dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent hokimi lavozimidagi faoliyati salkam 5 yil davom etdi. Bu vaqt mobaynida yer ajratish, buzilishlar, ekologiya, daraxtlar kesilishi, jamoat transporti, ijtimoiy infratuzilma va manfaatlar to‘qnashuviga oid og‘ir muammolar doim kun tartibida turdi. Millioner hokim shahar uchun o‘z yonidan ko‘p narsalarni homiylik asosida qilib berayotganini pesh qilib kelgan bo‘lsa ham, aslida o‘ziga tegishli va o‘ziga yaqin kompaniyalarga milliardlab so‘mlik davlat buyurtmalarini hech qanaqa tendersiz berib kelgani, uning kompaniyalariga juda katta soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilgani, unga aloqador kompaniyalar mahsulotlari ko‘proq sotilishi uchun shu turdagi tovarlarni xorijdan olib kelishga cheklovlar o‘rnatilgani kabi holatlar uning xayriya haqidagi gaplariga soya solib turaveradi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan olingani yuzasidan biror chiqish qilgani yo‘q. U ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘lgan kuni ertalab tongda Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qolingani haqida xabarlar tarqaldi. Manbalarga ko‘ra, u Uzbekistan Airways'ning 16 yanvar soat 7:40ga belgilangan Istanbul reysida uchib ketish uchun oila a’zolari bilan birga ro‘yxatdan o‘tgan.

Shu kungi yig‘ilishda prezident Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga ishdan olinganlarning faoliyatini tekshirish bo‘yicha topshiriq berdi. “Azizov, Yo‘ldoshev, bugun ishdan olingan hamma rahbarlar bo‘yicha menga alohida axborot berasizlar. Juda qattiq talab, tartib, intizom. Tizim bo‘lishi kerak O‘zbekistonda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishdan olinganlar qatorida Ortiqxo‘jayevdan tashqari “Issiqlik elektr stansiyalari” raisi Farhod Abdurahmonov va energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ham bor. Xo‘jayevning chetlatilishi jamoatchilik uchun biroz tushunarsiz bo‘ldi. Chunki u hukumatda energetika islohotining faol tarafdorlaridan biri bo‘lib, hamma so‘kishlarni o‘ziga olgan holda jurnalistlarning savollariga javob berib borayotgandi.

Prezident yig‘ilishida “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftgaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyalari raislari, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Uchtepa tumanlari hokimlariga hayfsan berildi. Hukumat raisi Abdulla Aripov va uning infratuzilmaga mas’ul o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bu safar ham javobgarlar qatorida shaxsan sanalmadi. Shunday bo‘lsa-da, prezident ular ham oppoq emasligiga ishora qildi:

“Nega poytaxtda shunday bo‘ldi? Nega oldindan tayyorgarlik qilmadik? Shuncha gap gapirganimizga qaramay, Vazirlar Mahkamasi qayerga qaragan degan savol meni qiynayapti”.

Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayevning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Baxtiyor Rahmonovni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Bu qaror ko‘pchilikda bir savolni uyg‘otdi: yig‘ilishda shaharning bosh rejasi yo‘qligi va qurilishlar tanqid qilingan bo‘lsa, nega yana shu qurilishlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador, hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari hokimlikka tayinlandi?

Yig‘ilishda Toshkent shahriga yangi prokuror ham tayinlandi. Bu lavozimni salkam 6 yildan beri bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Erkin Yo‘ldoshev egalladi. Yo‘ldoshev o‘tgan hafta III darajali davlat adliya maslahatchisi unvonini olgandi. Toshkentning avvalgi prokurori Ulug‘bek Qosimov o‘tgan oyda Surxondaryoga hokim bo‘lgandi.

Xitoyga gaz eksporti to‘xtamaganmidi?

O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini to‘xtatgan bo‘lsa ham, Xitoy O‘zbekistondan gaz importini to‘xtatmagan. Ya’ni, ikkala tomon berayotgan ma’lumot o‘rtasida yana jiddiy farq yuzaga keldi. Bu farq ayniqsa bizning hukumatimiz uchun noqulay vaqtda o‘rtaga chiqqanini aytish kerak.

Gap shundaki, dekabrda amaldorlarimiz gaz o‘zimizga yetmayapti, shuning uchun uni chetga sotishni yuz foizga to‘xtatganmiz deyishgandi. Statistika agentligining tashqi savdo hisobotida ham O‘zbekiston dekabr oyida umuman gaz sotmagani aks etgan. Lekin Xitoy bojxona qo‘mitasi shu hafta bergan ma’lumotda mamlakat dekabrda O‘zbekistondan 40 mln dollarlik gaz import qilgani yozilgan.

2022 yil davomida Xitoyning O‘zbekistondan tabiiy gaz importi statistikasi, million dollarda / Info: Xitoy bojxona bosh boshqarmasi

Demak, qaysidir tomonning statistikasi xato yoki yolg‘on. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim fikrlarga ko‘ra, O‘zbekiston hozirgidek murakkab vaziyatda aholida qo‘shimcha norozilik uyg‘otmaslik uchun gaz eksporti qisqargani, lekin amalda to‘liq to‘xtamaganini boricha aytmaslikni ma’qul ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Eksport to‘xtamagani esa O‘zbekistonda gaz qazib olayotgan Rossiya kompaniyalari bilan bog‘liqligi haqida taxminlar bor.

Ikkala davlatning butun 2022 yil davomidagi gaz savdosi statistikasida ham farq bor. O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, yil davomida 911 mln dollarlik tabiiy yoki sun’iy gaz eksport qilingan. Xitoy tomoni esa O‘zbekistondan gaz importini 1 mlrd dollar deb ko‘rsatgan.

Sektoral boshqaruvdan voz kechish vaqti kelmadimi?

O‘z vazifasiga kirmaydigan ishni bajarayotgan prokurorning topshirig‘i sababli, maktab o‘qituvchilari o‘z vazifasiga kirmaydigan ishni qilishga majburlandi. O‘z vazifasiga kirmaydigan ishni bajarayotgan ichki ishlar boshlig‘i bu holatning guvohlaridan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lmagan bunaqa voqea Angren shahrida ro‘y berdi. Shahar prokurori Ulug‘bek Qobiljonov boshqa sektorlar rahbarlari bilan maktablarning darsga tayyorligini tekshirib yurgan vaqtda olgan videosi o‘ziga qimmatga tushdi.

“22-maktabdamiz, umuman tozalanmagan qordan. Mana 2-3 kundan keyin maktab boshlanadi. Umuman tozalanmagan. O‘qituvchilari ham yo‘q, oylik olib yotishibdi, bekordan bekor... Hamma maktab o‘ziga xulosa qilsin. 4 ta sektor yuribmiz mana. Hokim – bosh, “nachalniy melisa”miz. Umuman tozalanmagan”, – deydi videoda prokuror.

Ma’lum bo‘lishicha, prokurorning bu topshirig‘idan keyin maktab o‘qituvchilari maktab hovlisini qordan tozalashga chiqarilgan. “4 ta sektordan o‘qituvchilarga yana kimning qanaqa buyrug‘i bor? O‘qituvchilar yig‘ilib turganda aytib olinglar. Oyligini halollab olishsin”, – deb kinoya qildi bu haqda xabar bergan kanal muallifi.

Bu video shov-shuvga sabab bo‘lgach, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova prezident o‘qituvchilarga o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarni yuklashni taqiqlaganini eslatib, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Ko‘p o‘tmay Toshkent viloyati prokuraturasi Qobiljonovga intizomiy jazo berilganini ma’lum qildi. Uning o‘zi ustozlardan uzr so‘rab chiqdi. “Aslida men maktab hududini o‘qituvchi va murabbiylarimiz emas, balki ushbu ishga mas’ul shaxslar bajarishini tashkillashtirishni so‘raganman”, – dedi u.

Bu voqea hech qaysi qonunda yozilmagan sektor boshqaruvini tugatish kerakligi haqidagi muhokamalarni yana o‘rtaga chiqardi. Haqiqatan ham, O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berilgani aytilayotgan bir paytda, prokuratura, ichki ishlar va soliq organlari xodimlarining qishloq xo‘jaligi, investitsiya va ijtimoiy masalalarga majburan aralashib yurishi eng kamida g‘alati ko‘rinadi. Yaqinda e’lon qilingan ma’muriy islohotlarda ham negadir bu haqda hech qanaqa gap bo‘lmadi.

Shaharlarda nihoyat tezlik pasaytirilmoqda

O‘zbekistonda avtohalokatlarni kamaytirish uchun oxirgi yillardagi ehtimol eng jiddiy qadam bosildi: shaharlarning ayrim qismlarida harakat tezligi 60 km/soatga tushirildi. Bu talab faqat Toshkent yoki viloyatlar markazlariga emas, respublikadagi deyarli hamma shaharga nisbatan tatbiq etilgani e’tiborga loyiq.

Toshkent shahrida tezlik pasaytirilgan hudud, kutilganidek, Kichik halqa yo‘lining ichkarisidagi ko‘chalar bo‘ldi. Boshqa shaharlarda esa chegara har xil: masalan, yangi tezlik cheklovi Namangan va Urganch shaharlarining butun hududiga taalluqli, Navoiy shahrida esa buning aksi – atigi 1ta ko‘chada 60 tezlik rejimi o‘rnatiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilardan bu talabga hozirdanoq rioya qila boshlashni so‘rayapti. Amalda esa “60” yo‘l belgisi o‘rnatib chiqilib, kameralar funksiyasiga tegishli o‘zgarish kiritilganidan keyingina jarima yozish boshlanadi. Tezlikni cheklovchi yo‘l belgilarini o‘rnatib chiqish qachongacha yakunlanishi aniq aytilmadi, bu jarayon bosqichma-bosqich bo‘ladi. Rasmiylarga ko‘ra, haydovchilar cheklangan tezlik qayerda boshlanib, qayerda tugashi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ladi.

Rasmiylar bu ishni ham jarima ballari kabi chala-chulpa qilib yubormaydi, deb umid qilamiz. Ashaddiy qoidabuzarlarni tiyib turadigan jarima ballari tizimi ham tezroq amalda ishga tushishi kerak.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Maktablarda 3-chorak boshlanadigan sana uchinchi marta o‘zgardi. Avvaliga 11, 16, 18 yanvardan deb e’lon qilingan darslar deyarli hamma hududlarda 23 yanvar, dushanbadan boshlanyapti. Bu betartiblik o‘qituvchilarga boshog‘riq bo‘ldi: ayrim hududlarda bolalar maktabga bormayotgan bo‘lsa ham, Kundalik dasturida ularga baho qo‘yib borilyapti. 23 yanvardan oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlarida ham darslar boshlanadi.

Nodirbek Abdusattorov shaxmatda yana bir sensatsion g‘alabani qo‘lga kiritdi. U jahon chempioni Magnus Karlsenni birinchi marta klassik shaxmatda mag‘lubiyatga uchratdi. Shaxmatning bir necha soat davom etadigan klassik turida Magnus kamdan kam mag‘lubiyatga uchraydi. Nodirbek shu va boshqa muvaffaqiyatlari bilan Niderlandiyadagi turnir peshqadami bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda loukoster formatidagi yangi aviakompaniya – Centrum Air ish boshlamoqda. Kompaniya hozircha Boeing 737 va A320 rusumidagi beshta samolyotga ega. Keyingi uch yil ichida samolyot parkini 100taga yetkazishni maqsad qilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, loukosterning mahalliy reyslari narxi 226 ming so‘mdan, xalqaro reyslari esa 452 ming so‘mdan boshlanadi.

Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi bilan bordi. 3 kunga reja qilingan safar O‘zbekistondagi energetika muammolari sabab faqat 1 kun davom etdi. Shavkat Mirziyoyev Singapur prezidenti Halima Yoqub va bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar o‘tkazdi. “Farg‘onaazot” zavodi Singapurning Indorama kompaniyasiga 140 mln dollarga sotildi. Yangi Toshkentning bosh rejasi va poytaxtdagi yangi aeroport loyihasi bo‘yicha Singapur kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib boriladi.

O‘zbek shifokorlari ilk marta siam egizaklarini ajratib oldi. 7 oylik bu ikki qizaloq Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan. Tug‘ilgan paytda umumiy vazni 1600 gramm bo‘lgan. Ota-onasi – o‘zaro yaqin qarindoshlar. Chaqaloqlar Toshkentdagi Neonatal xirurgiya markazida muvaffaqiyatli ajratib olindi.

UzAuto Motors tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘ydi. Lekin yangi shartnomalar haligacha qabul qilinmayapti. Kompaniya avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar narxini biroz pasaytirishini ma’lum qildi. Bu – qo‘shilgan qiymat solig‘i 3 foizga kamayib, 12 foizga tushgani bilan bog‘liq. Yangi xaridorlar esa katta ehtimol bilan mashinalarni sezilarli oshgan narxda olishga majbur bo‘ladi.

Top