O‘zbekiston | 21:40 / 19.01.2023
118743
7 daqiqa o‘qiladi

Sovuqqa bardosh berolmagan mamlakat. Bunga bosh vazir va uning rahbarligidagi hukumat aybdor(mi?)

Prezident 7 dekabrda, hali anomal sovuqning daragi yo‘q paytdayoq bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida hukumat ishchi guruhi tuzilganini ma’lum qilib, elektr va gaz muammolarini hal qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni topshirgandi. Undan oldinroq Ochilboy Ramatov rahbarligida komissiya tuzilib, qishni betalafot o‘tkazish uchun 2 trln so‘m pul ajratilgandi. Natija qanday bo‘lganini esa hamma ko‘rdi.

9 yanvardan O‘zbekistonga anomal sovuq ob-havo kirib keldi. Barcha hududlarda qor yog‘ib, havo harorati keskin tushib ketdi. Yo‘llarda muzlamalar paydo bo‘ldi, transportlar harakati og‘irlashdi. Sovuq ob-havo sababli hatto poyezdlar yo‘lda to‘xtab qoldi, mahalliy va xalqaro aviareyslar kechiktirildi.

Eng asosiysi esa tabiiy gaz va elektr energiyasi ta’minotida tom ma’nodagi inqiroz yuzaga keldi. Ayniqsa, poytaxtning ko‘plab tumanlari sutkalab gazsiz va elektr tokisiz qoldi.

Prezidentning bosh vazirga topshirig‘i

Aslida prezident elektr va gaz muammolarini hal qilish bo‘yicha 2022 yilning dekabr oyi boshidayoq bosh vazirga topshiriq bergan edi. Xususan, 2022 yil 7 dekabrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi mavjud vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda prezident topshirig‘iga asosan elektr va gaz muammolarini hal qilish, mavjud vaziyatni yumshatish, tezkor choralar ko‘rish uchun bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida hukumat ishchi guruhi tuzilgani ma’lum qilingan.

Ishchi guruhga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • respublika hududida energiya taqchilligi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni qisqa muddatlarda chuqur tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borish;
  • elektr energiyasi va gazni birinchi navbatda aholiga yetkazib berish zaruriyatini e’tiborga olgan holda, mavjud energiya resurslarini muvozanatli taqsimlab borish va ushbu jarayonni qat’iy nazorat qilish;
  • elektr energiyasi va gaz taqchilligi sharoitida muqobil energiya mahsulotlari bilan aholini va ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz ta’minlash ishlarini jadallashtirish;
  • ijtimoiy obektlar, jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan zarur mablag‘lar ajratib borish va ularning maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
  • energiya taqchilligi va uning oqibatida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar, ayniqsa iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish maqsadida, kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish.

Yig‘ilishda tizimga biriktirilgan barcha mutasaddilar qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun kerakli choralarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan hal etishga birdek mas’ul ekani ta’kidlangan.

Natija nima bo‘ldi?

Yanvar oyining yakuniga yetayotgan ikkinchi o‘n kunligi poytaxtliklar uchun muzli dekada sifatida esda qoladigan bo‘ldi: chiroqsiz uylar, yetishmagan tabiiy gaz, borligi sezilmagan issiqlik ta’minoti Toshkent qahraton qishga tayyor emasligini ko‘rsatdi.

Boshqa hududlar bu kabi sharoitga ancha ko‘nikib qolgan. Ammo bunday kollaps avval Toshkentda kuzatilmagani uchun odamlar bunga tayyor emasdi: ijtimoiy tarmoqlarda el tanigan insonlar ham goh yumor, goh jiddiy tarzda chiqishlar qilishdi, hatto uy sovuqligidan isinish uchun poytaxt ko‘chalarida olovlar yoqildi.

Mablag‘ yo‘qmidi?

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun salkam 2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan va bu ishlarning nazorati bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga yuklatilgan edi. Ammo bu mablag‘lar aniq manziliga yetib bormaganini poytaxtdagi holatlar ko‘rsatib berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 23 sentabrdagi tegishli qarorida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash yuzasidan qator chora-tadbirlar belgilangandi.

Qaror bilan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga quyidagi muhim vazifalar topshirilgan:

  • iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, iste’molchilarga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir mahsulotlari, issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib borish;
  • bir hafta muddatda alohida ishchi guruh tuzgan holda hududlarda, ayniqsa, qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasidagi ishlarning holatini o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • tasdiqlangan parametrlarni bajarishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan yoki qoniqarsiz bajargan taqdirda, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish.

Hukumat qarorda har bir viloyat, jumladan Toshkent shahri iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash ishlarining yig‘ma parametrlari tasdiqlangan.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 trln 994,3 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahridagi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash uchun esa 143 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘ning 11,5 mlrd so‘miga elektr tarmoqlari va qurilmalarini, 7,5 mlrd so‘miga esa gaz ta’minoti obektlari va qurilmalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash nazarda tutilgan.

Bu ishlar qay darajada amalga oshirilgani, ajratilgan mablag‘lar qanchalik manziliga yetib borgani bizga qorong‘i. Lekin natija qanday bo‘lganini hamma ko‘rdi.

16 yanvar kuni esa prezident energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Farhod Abdurahmonovni ishdan oldi.

Ruslan Saburov,
jurnalist

Mavzuga oid