«Inson+mashina. Sun’iy idrok davrida ishlashning yangi tamoyillari» kitobida shu haqda so‘z boradi.

Accenture kompaniyasi yetakchilari Pol Doerti va Jyeyms Uilson o‘z faoliyatida sun’iy idrok imkoniyatlarini tatbiq etgan 450ta kompaniyaning ishini tahlil qilgan holda, kelajakda inson va mashinalar dunyoda birga mavjud bo‘la oladimi, degan savolga javob izlashadi.

Mualliflarning fikricha, inson va mashina raqobatda emas, hamkorlikda mavjud bo‘lishi lozim. Temir bo‘lagi va datchiklardan iborat mashinalar qon va suyakdan tarkib topgan insonlarni ko‘plab masalalarda ortda qoldirayotgani chin. Ammo odam mehnat bozoridan butunlay chiqib ketmaydi. Mashinalar rivojlangani sari inson uchun yangi kasblar paydo bo‘ladi.

Robotlar insonga nima beradi?

Texnologiyalar inson faoliyatining barcha sohalariga chuqur kirib borgan bo‘lsa-da, insonlar va mashinalar haligacha teng hamkorlik asosida o‘zaro aloqaga kirishgani yo‘q.

Avtozavodda robot va ishchi bir safda turibdi. Ya’ni bitta ishni robot ham, inson ham bajarmoqda. Mehnatning bunday taqsimoti inson va mashina uyg‘unligida erishish mumkin bo‘lgan salohiyatni ancha chegaralab qo‘yadi. Dunyo inson va mashina yakdil texnologiya sifatida ishlaydigan davrga qarab ketmoqda.

Sun’iy idrok – ma’lumotni qabul qilib, uni qayta ishlagan holda muayyan funksiyani bajaruvchi tizim. Sun’iy idrok insonning o‘rnini egallash, uning vazifalarini batamom tortib olishni maqsad qilmaydi. Balki inson imkoniyatlarining chegarasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Sun’iy idrok ustida ishlovchi novator kompaniyalar inson va mashinaning o‘zaro aloqasini kuchaytirgan holda original simbiozga erishishga intilishmoqda. Mazkur simbioz quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin.

Imkoniyatlarni kuchaytirish. Sun’iy idrokning asosiy maqsadi – insonning tabiat tomonidan berilgan imkoniyatlarini yanada kengaytirish va kuchaytirishdir. Bu superkuchga ega kiborgni eslatadi.

Deylik, stanok buzilib qolgan taqdirda zavod ishchisi uni tuzatish uchun mashaqqat chekishi, stanokning ichki mexanizmini hijjalab o‘rganib, shunga qarab ish tutishi kerak. Sun’iy idrok esa qog‘oz yo‘riqnomaning o‘rnini bosishi mumkin.