O‘zbekiston | 15:55 / 07.08.2023
30765
5 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarligiga qaytgan Jamshid Qo‘chqorovga jami olti o‘rinbosar tayinlandi; Ilhom Norqulov yana vazirning birinchi o‘rinbosariga aylandi, Ahadbek Haydarov vazirlikka qaytarildi.

Prezident qarori bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligida ayrim rahbar xodimlar lavozimga tayinlandi va lavozimdan olindi.

Ilhom Norqulov Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ilhom Norqulov. Foto: Kun.uz

Ilhom Ibrohimovich Norqulov 1981 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. Shuningdek, Glazgo Universitetida «Iqtisodiy rivojlanish» yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.

2004 yildan iqtisodiyot vazirligida ishlay boshlagan, 2006 yildan Buxoro viloyati hokimligida, 2006-2009 yillarda «Neftegazmontaj» MChJ qo‘shma korxonasida faoliyat yuritgan.

2010 yildan Markaziy bankda ish boshlagan, 2013-2018 yillarda turli departamentlarga rahbarlik qilgan. 2018-2020 yillarda Markaziy bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari va raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, 2020 yil sentabrida iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, 2023 yil fevralida qayta tashkil etilgan iqtisodiyot va moliya vazirligida vazir o‘rinbosari bo‘lgandi. 

Ahadbek Haydarov vazirlikka qaytgan.

Ahadbek Haydarov. Foto: Kun.uz

Ahadbek Yahyobekovich Haydarov 1971 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1994 yil Toshkent Davlat universiteti, 1998 yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, 2001 yili Yaponiya siyosiy fanlar Milliy instituti magistratura bosqichi, 2006 yil AQShning Massachusets shtatida Villiams Kollejini tamomlagan. 

U 2017 yilda moliya vaziri o‘rinbosari, 2017-2019 yillarda moliya vaziri birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, bir muddat Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori sifatida ishlagach, 2019 yil sentabrida yana Moliya vazirligiga qaytgandi. 2023 yil fevralidan buyon esa qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Abdulaziz Abdulahadovich Haydarov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2020 yil iyunidan buyon budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi direktori edi.

Abdulaziz Haydarov. Foto: Kun.uz

Otabek Rustamovich Fozilkarimov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi, shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Otabek Fozilkarimov. Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Otabek Fozilkarimov 1986 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2007 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

U o‘z vaqtida Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash, sport va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha budjet siyosati departamenti direktori lavozimida ishlagan. 2020 yilda Moliya vazirligining Ijtimoiy himoya sohasida budjet siyosati departamenti direktorining o‘rinbosari – aholini ijtimoiy muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash sohasida budjet siyosati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash va sport sohalarida budjet siyosati departamenti direktori sifatida ishlagan.

2022 yil martida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangandi. 

Bobur Botirovich Xo‘jayev vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

U bungacha Prezident administratsiyasining bank-moliya, soliq sohalarini rivojlantirish va «xufyona iqtisodiyot»ni qisqartirish shu’basi mudiri lavozimida ishlagan.

Jasur Hazratqulovich Qarshiboyev vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. 

Jasur Qarshiboyev. Foto: Kun.uz

Tayinlovga qadar Jasur Qarshiboyev Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori lavozimida ishlagan, shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasining Monetar siyosat va kapital bozori departamentida moliya sektori eksperti sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Murodbek Bekberganovich Otajonov vazirlik huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.

Bungacha u G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Murodbek Otajonov

Bundan oldinroq Dilshod Sultonov va Erkin Rustamov iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

Vazirlik saytiga ko‘ra, Adiz Boboyev va Gulnora Rahimova vazir o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.

  • Bu o‘zgarishlar 2 avgust kuni prezident raisligida tanqidiy ruhda kechgan yig‘ilish ortidan ro‘y bermoqda. 3 avgust kuni soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridan chiqarilib, vazirlik rahbari Sherzod Qudbiyev qo‘mita raisligiga, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa vazirlikka qaytarilgandi.

Mavzuga oid