«Ayni paytgacha 100 mingdan ortiq inson koronavirus bo‘yicha testdan o‘tkazildi. Yaqin vaqt ichida ushbu raqamlar yarim millionga yetkazilishi rejalashtirilgan», – dedi Habibulla Oqilov 19 aprel kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda.
Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov 17 aprelga qadar O‘zbekistonda 136 ming kishi koronavirusga tekshirilganini ma'lum qilgandi.
Undan oldin esa koronavirus yuqtirishi ehtimoli yuqori bo‘lgan kasb egalaridan test olina boshlanishi mumkinligi aytilgan edi.
Koronavirusga test qanday topshiriladi?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bugungi brifingda Habibulla Oqilovning boshqa savollarga bergan javoblarini ham keltirib o‘tdi.
Virusning yengil yoki og‘ir kechishi qondagi rezus-faktorga bog‘liqmi?
Yo‘q, qon guruhi va rezus-faktorga kasallik kechishining aloqasi yo‘q.
Vrach akusher-ginekologman. 18 aprelda mutaxasisligim bo‘yicha attestatsiyadan 5 yil o‘tgani tufayli qayta o‘tishim kerak edi. Karantin tufayli Toshkentga bora olmayman. Buxgalteriya toifa muddati tugashi haqida xabar qilyapti. Bu qanday bo‘ladi?
Karantin davrida barcha toifalar muddati uzaytiriladi va toifaga bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar to‘lanishi davom etaveradi. Toifaga attestatsiya karantindan so‘ng topshiriladi.
Yetkazib berish xizmatida haydovchiman. Har gal «GAI» xodimlari to‘xtatganda hujjatlarni qo‘liga olib tekshiradi. Birida qo‘lqop bor, birida yo‘q. Koronavirus qog‘oz va plastikda bir necha kun yashashi to‘g‘risida ma'lumotlar bor. YPX xodimlari o‘zi tarqatuvchi bo‘lib qolmaydimi?
Siz YPX xodimlariga hujjatlaringizni ochiq ravishda, qo‘liga bermasdan ko‘rsatishingiz mumkin. Har gal hujjatlarni qo‘lga olgandan so‘ng qo‘llaringizni tarkibida spirt bo‘lgan dezinfeksiya vositalari bilan ishlov bering.









