O‘zbekiston | 15:20 / 12.06.2020
5225
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilarining faoliyatiga jamoatchilik baho bera oladimi? Mas'ullar izoh berishdi

11 iyun kuni Adliya vazirligida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida odamlar davlat xizmatchisining faoliyatiga baho berishi uchun imkoniyat yaratilishi, jamoatchilikning munosabati uning faoliyati haqida xulosa chiqarishda inobatga olinishi taklif etildi. Tadbir tashkilotchilari bu taklifga munosabatlarini bildirishdi.

«Yaxshi fikr. Umuman, davlat xizmatchisini baholab borish jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasida bor, KPI degan tizim kirityapmiz-ku. KPI nimadan olinadi? Bir qismi hisobotlarga, natijadorligiga asosan.

Bu yerda KPI – xalqning qarama-qarshi aloqasi ham bor. Agar uning ustidan shikoyat qiladigan bo‘lsa, intizomiy ish ochib, ko‘rib chiqishimiz kerak. Butun dunyoda bor. Balki bu yerda o‘sha tarzda yozilmagandir, lekin baholash tizimimiz bor. Bu qonun ishlab chiqilganidan keyin birinchi navbatda davlat fuqarolik xizmatchilarining reyestrini shakllantirishimiz kerak.

Keyin boshqa qonunosti hujjatlarimiz bor. Har bir vazirliknikining hususiyati boshqacha. Kimdadir siz aytgan narsa ko‘proq ishlaydi, kimdadir kamroq ishlaydi. Ya'ni uning xalq bilan muloqotiga bog‘liq. Kimdir xalq bilan ko‘proq muloqot qiladi, kimdir umuman muloqot qilmaydi», deya Adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bahrom Qo‘chqorov

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nodirjon Maksumovning ma'lum qilishicha, davlat xizmatchisining faoliyatiga baho berishda jamoatchilik fikri ham inobatga olinadi.

Nodirjon Maksumov

«Ayni paytda bitta hujjat loyihasini tayyorlaganimizni aytib o‘tmoqchiman. Davlat xizmatchilari, aytaylik, hokim o‘rinbosarlarining ish natijasi, ularga beriladigan bahoni aytib o‘tdilar. Bizda eng muhim samaradorlik degan atama bor. KPI deymiz.

Davlatimiz rahbari Yashnabod, Xorazm, Andijon, Farg‘onaga tashrif buyurganlarida o‘sha yerdagi tuman-shaharlarni barcha hokim o‘rinbosarlarining faoliyatini hisoblash va ularga baho berish haqida topshiriq berdilar. Biz hozir shuni huquqiy eksperiment sifatida qarorini tayyorlab, barcha tegishli vazirlik-idoralaridan o‘tkazib, kiritdik.

Qo‘shimcha topshiriq bo‘ldiki, aynan siz aytgan faqatgina bu bilan cheklanib qolmaslik. O‘sha hokim o‘rinbosari ko‘rsatkichlar bo‘yicha bahoni oldi, baho chiqdi, bunda vakant degan yakuniy xulosa emas. Ana shu hududdagi aholi, jamoatchilikning ham fikrini ham qo‘shinglar degan topshiriq bo‘ldi. Hujjatga kiritildi, bu eksperiment davom etyapti. Shuning uchun o‘ylaymanki, barcha tuman hokim o‘rinbosarlariga berilgan KPI bahosini natijada o‘sha tumanning hokimiga ham hisoblasak bo‘ladi», deydi u.

Mavzuga oid