O‘zbekiston | 16:29 / 11.01.2023
43070
6 daqiqa o‘qiladi

Senatdan dabdabali xarajatlar: Ikki kunlik tadbirga 3 mlrd 230 mln so‘m sarflangan

Oliy Majlis Senati ikki kunlik tadbirga 3 mlrd 230 mln so‘m, sovg‘a-salomlarga 400 mln so‘m mablag‘ sarfladi. Sovg‘alar orasida har biri 1 mln 70 ming so‘mlik 150 ta sumka, har biri 387 ming so‘mlik 15 dona holva va har bir donasi 17 mln so‘m bo‘lgan 5 dona suvenir ham bor.

Foto: KUN.UZ

Ikki kunlik tadbir uchun — 3 mlrd 230 mln so‘m

Oliy Majlis Senati 8-9 sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaganiga Kun.uz e’tibor qaratgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirning jami xarajatlari 3 mlrd 230 mln so‘mni tashkil qilgan.

Senatning binolardan foydalanish va xo‘jalik faoliyati boshqarmasi “Sky Evens MChJ bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali Kongress markazining ijarasi va kofe-breyk uchun 957 mln so‘mlik, Kongress markazning zallari uchun 1,2 mlrd so‘mlik hamda sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘mlik shartnomalar tuzgan.

Kongress-markaz ijarasi va kofe-breyk uchun 957 mln so‘m
Kongress-markaz zallari ijarasi uchun 1,2 mlrd so‘m
Mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘m

400 mln so‘mlik hashamatli sovg‘a-salomlar

Senat 27-28 oktabr kunlari MDH Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etadigan mehmonlar uchun ochilganiga bir oy bo‘lgan MChJdan qariyb 250 mln so‘mlik va yana o‘nga yaqin YaTTlardan turli esdalik sovg‘alar sotib olgan. Suvenirlardan biri 17 mln so‘mga tushgan. Sovg‘a-salomlarning jami xarajati esa kamida 400 mln so‘mga tushgan.

26 oktyabr kuni imzolangan shartnomaga ko‘ra, “Blue-White Pantera” MChJdan qariyb 250 mln so‘mlik xarid amalga oshirilgan. Sotib olingan sovg‘alar ichida 1 donasi 1 mln 70 ming so‘mlik sumkadan tortib, 387 ming so‘mlik holvagacha bor.

Davlat reyestriga ko‘ra, “Blue-White Pantera” MChJ 2022 yil 20 sentabr kuni ro‘yxatga olingan. Korxona Senatdan 250 mln so‘mlik buyurtmani olgan vaqtida ochilganiga bir oy ham bo‘lmagan.

Shuningdek, parlament yuqori palatasi yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) Saydaliyeva Arofat Baxtiyorovnadan 25 doni sharfni jami 10 mln so‘mga sotib olgan. Bir dona sharf 400 ming so‘mdan tushgan.

YaTT Xolboyev Bahrom Xoliyor o‘g‘lidan 28,4 mln so‘mlik xarid amalga oshirilgan.

Sultanova Surayyo To‘lqinovna YaTTdan esa 98 mln so‘mlik xarid amalga oshirilgan bo‘lib: donasi 17 mln so‘m turadigan suvenirdan 5 ta sotib olingan. Bu qanaqa suvenir ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Bular hammasi emas. Senat Kengashining 2022 yil 20 sentabrdagi 409-sonli qo‘shma qaroriga ilova qilingan hujjatdan ko‘rinadiki, Senat o‘ndan ortiq YaTT, bir qancha XK va MChJlardan mehmonlar uchun esdalik sovg‘alar xarid qilishi qayd etilgan. Ammo davlat xaridlari portalida qolgan shartnomalarni topishning imkoni bo‘lmadi.

Ochiq ma’lumotlardan mavjud shartnomalar hisoblansa, Senatning ikki kunlik tadbiriga kelgan mehmonlar uchun sovg‘alari soliq to‘lovchilarga kamida 400 mln so‘mga tushgan.

Texnik tizimlar uchun 3,5 mlrd so‘m

Senat 2022 yil 1 aprelda UZINFOCOM bilan serverlar, ekranlar va tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Shartnomaga ko‘ra, ushbu xizmatlarning har oylik xarajati 349 mln so‘m etib belgilangan.

Yil so‘ngiga kelib, 15 dekabrda Senat va UZINFOCOM o‘rtasida 1 apreldagi shartnomaga qo‘shimcha ravishda texnik xarajatlar uchun 3,1 mlrd so‘mlik shartnoma tuzgan.

Shartnomalardan ko‘rinadiki, Oliy Majlis Senati 2022 yil apreldan dekabrga qadar serverlar, ekranlar uchun texnik xizmat ko‘rsatish va ovoz berish tizimlari uchun jami 3,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflagan.

Senatning ushbu yirik xarajatli shartnomalari davlat tili – o‘zbek tilida emas, rus tilida tuzilgan. Qolaversa, bu texnik xarajatlar umumiy hisob-kitobda berilgan. 3,5 mlrd so‘mlik xarajat ichiga hakerlar hujumiga uchragan saytga texnik xizmat ko‘rsatish ham kirishi yoki kirmasligi haqida ma’lumot keltirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 2 noyabr kuni Senat rasmiy saytiga kiberhujum uyushtirilgan edi. Natijada saytga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qolgandi.

Senat binosini tozalatishga 441,4 mln so‘m

Mustaqillikning 31 yilligi munosabati bilan Cenat binolarini tozalash, yuvish va ozoda saqlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri va kompleks ekspertizadan o‘tkazmasdan shartnoma tuzish uchun “Royal logistika” MChJni tanlab olish to‘g‘risida Senat Kengashining qarori qabul qilingan.

2022 yil 30 avgustda “Royal logistika” MChJ bilan 392,4 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan, ammo 20 dekabrda ushbu shartnomaga o‘zgartirish kiritilgan va xarajatlar oshirilib, 441,4 mln so‘mga yetkazilgan.

Davlat reyestriga ko‘ra, “Royal logistika” MChJ 2020 yil iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat yo‘nalishi – quruqlikdagi yo‘lovchi tashishning boshqa turlari. Korxonaning 100 foiz ulushi Fayzullayeva Nodira Xayrullo qiziga tegishli ekani ko‘rsatilgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda Senatga 59,9 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan, lekin qonunga kiritilgan o‘zgarishlar bilan Senatning xarajatlari 69 mlrd so‘mga yetgan.

2023 yilgi davlat budjeti bilan, yuqori palataga yanada ko‘proq – 92,8 mlrd so‘m ajratildi.

Mavzuga oid