31 yanvar kuni Toshkentning Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topildi. O‘tgan yozda marhuma qizaloqning uyida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan 29 yoshli erkak gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi. Hodisa jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Hudud24 sayti marhuma qizning onasi va buvisi bilan suhbatni e’lon qildi.

“Mahallamiz o‘rtasida kanal bor. Kanalning bir tarafi jarlik, u tarafda odam zoti yo‘q. Maktabga borishda o‘sha yo‘ldan o‘tilishi uchun xavotirlanib Muslimaning ota-onasini nevaram men bilan turishiga ko‘ndirgandim. Kichikligidan o‘zim katta qilganim uchun meni o‘z onasiday ko‘rardi. Endi esa o‘zimni kechira olmayapman. Uni shuncha ariq, kanallardan himoya qilib, biz bilan yashashiga ko‘ndirgandim, lekin yonimizdagi ariqdan o‘ligi chiqdi. Bir qadam yerda o‘ligi yotganini bilmay, bolam maktabdan qaytmadi deb qancha masofalarni qidirib chiqibman”, deydi Muslimaning buvisi Husnora opa.

Muslimaning buvisi Husnora opa

“Qizim uni hamma tanishini istardi...”

“Oddiygina oilamiz. Undan keyin yana ikki singlisi bor. Biri keyingi yil maktabga chiqishi kerak, biri hali 6 oylik.

O‘sha kuni qizimga “Maktabing sovuq bo‘lsa, bormay qo‘yaqol”, dedim. Qizim: “Yo‘q, bormasam bo‘lmaydi, o‘qituvchim nazorat qiladi, men katta odam bo‘lishim kerak”, dedi. Ingliz tilini yaxshi o‘qirdi, styuardessa bo‘lmoqchi edi, meni butun dunyo tanishi kerak derdi. O‘zini emas, o‘ligini tanidi hamma.

Muslima kech qolgach, o‘qituvchisiga telefon qildik. Bizga o‘qituvchisi Muslimaning darsi tugaganini, uyga ketganini aytdi. So‘ng birga qaytgan dugonasi bilan gaplashdik. U ko‘prikkacha birga kelishganini aytdi. Qizim darvozamizning yonigacha kelgan, shu yerdan sudrab olib ketgan, urib-sudrab olib ketgan. Bo‘lmasa, baqirsa eshitardik.

Qizim topilavermagach, mahalla noziriga bildirdik. U qog‘ozbozlik qilib, savollar berib o‘tiribdi. Bo‘lmasa, shu mahallada turamiz, bizni taniydi-ku. Agar o‘sha payti vaqt yo‘qotmay izlaganida, balki bolamning jonini asrab qolarmidik.

Kechasi soat o‘ndan o‘tgach, shunda ham topilmagandan keyin taslim bo‘ldim. Hech bo‘lmasa o‘ligi topilarmikin deb o‘ylay boshladim. Sababi qizimning biror narsaga chalg‘iydigan odati umuman yo‘q edi, uy manzilini ham juda yaxshi bilardi”, deb yig‘laydi Muslimaning onasi Umida opa.