O‘zbekiston | 18:48 / 26.05.2023
15952
2 daqiqa o‘qiladi

Saidov va Lavrov uchrashuvida AES masalasi muhokama qilinmadi - manba

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manba Kun.uz bilan suhbatda AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan deyarli kelishuvga erishilgani haqidagi axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

22 may kuni Moskvada uchrashgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekistonda AES qurilishi masalasini ko‘rib chiqmagan. Bu haqda Kun.uz'ga O‘zbekiston TIVdagi manba ma’lum qildi.

“Bu masalada hozircha hech qanday kelishuv imzolanmagan, suhbatda ham [AES masalasini] faqat Rossiya tomoni gap orasida aytib ketdi, xolos”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan vazirlik rasmiysi.

Avvalroq, RF TIV bu uchrashuv oldidan tarqatgan axborotida O‘zbekiston hududida Rossiya tomonidan loyihalashtirilgan AES bo‘yicha bosh shartnomaning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuv go‘yoki “yuqori darajada tayyor” ekanini iddao qilgandi.

Bu – Rossiya tomonidan AES bo‘yicha kelishuv deyarli tayyor, deyilayotgan birinchi holat emas. RF rasmiylari yillardan buyon ko‘plab muloqotlarda O‘zbekiston tomonini AES bo‘yicha kelishuvni tezroq imzolashga shoshirib keladi.

2020 yil dekabr oyida Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma “deyarli tayyor holatga keltirilgan”, faqat texnik jihatlari qoldi, degan edi.

“O‘zAtom” agentligi esa rus elchisining gaplarini rad qilib, hali kelishuvga erishilmagani ma’lum qilgan. “Shartnomani muhokama qilishda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini inobatga olgan holda muzokara pozitsiyalari ishlab chiqilgan va himoya qilib kelinmoqda”, – deya bayonot bergan “O‘zAtom” agentligi.

Mavzuga oid