Bugun, 28 iyul kuni “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

2021 yil 1 oktyabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.

Tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. 

Avtotransport orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm.dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi. Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun to‘lov 10 kun muddatda amalga oshiriladi. Ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi. YaIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni parlament deputati Doniyor G‘aniyev Ichki ishlar vazirligiga asoslanib, “tonirovka” narxini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.

Bu yil bahor oxiri va yozning ilk kunlari ancha jaziramali keldi. 31 may kuni O‘zbekistonda 80 yillik harorat bo‘yicha mutlaq maksimum qayd etildi. 3–7 iyun hamda 5, 7 va 8 iyul kunlari esa Toshkentda uch asrning maksimum harorati kuzatildi.