O‘zbekiston | 18:27 / 09.07.2021
51388
3 daqiqa o‘qiladi

5, 7 va 8 iyul kunlari Toshkentda uch asrning maksimum harorati kuzatilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ /Muhammadjon G‘aniyev

Toshkent shahrida 5, 7 va 8 iyul kunlari so‘nggi 150 yillikdagi aynan shu kunda qayd etilgan eng issiq havo harorati rekordlari yangilandi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar bermoqda.

Gidrometeorologiya xizmati markazining ma'lum qilishicha, poytaxtda 150 yildan buyon havo harorati qiymatlari muntazam kuzatib kelinadi. Iqlim o‘zgarishi natijasida dunyoda iqlim isishi tezlashdi. Bu kunning tungi paytlarida ham havo haroratining ko‘tarilib ketishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Tungi harorat ko‘tarilishi havoga ko‘p miqdorda is va boshqa iflos gazlarning me'yordan ko‘p chiqarilishida, ya'ni issiqxona effekti jarayonida vujudga kelmoqda. Issiqxona effekti iqlim isishini yuzaga keltirib, sutka davomidagi maksimal va minimal havo harorati qiymatlari orasidagi farqni kamaytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘rtacha sutkalik havo harorati qiymati yuqorilashiga olib kelmoqda.

«O‘zgidromet» 1 iyul kuni 3-8 iyul kunlari O‘zbekistonda o‘rtacha sutkalik havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me'yordan 5-8 daraja yuqorilashi haqida ogohlantirgandi.

Toshkent shahrida iyul oyi boshlarida kuzatilgan kunlik havo harorati o‘tmishda rekord issiq qiymatlar qayd etilgan aynan o‘sha kundagi kunlik o‘rtacha haroratdan ancha ko‘tarilgani qayd etildi. Kunlik maksimum qiymatlar bilan birgalikda sutkalik o‘rtacha havo haroratlari ham yuqorilamoqda.

Xususan, 1881 yil 6 iyul kuni Toshkent shahrida aynan shu kun uchun mutlaq rekord qayd etilgan (+44,1 daraja). Lekin o‘shanda o‘rtacha sutkalik havo harorati ancha past qiymatda kuzatilgan (+28,1 daraja). 2021 yil 6 iyul kuni sutkalik maksimal havo harorati rekord ko‘rsatkichdan ancha past (+41,5 daraja) qayd etilgan bo‘lsa-da, o‘rtacha sutkalik havo harorati 1881 yildagi o‘rtacha sutkalik havo harorati qiymatidan qariyb 5,5 darajaga yuqori kuzatilgan.

2021 yilning o‘tgan iyun oyida respublika hududlarida o‘rtacha oylik havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me'yordan 1-3 daraja yuqori bo‘lgan.

Manba: "O‘zgidromet"

Ma'lumot uchun, shu yil 3-7 iyun kunlari ham Toshkent shahrida so‘nggi 150 yillikdagi issiq rekordlari yangilangan edi.

Kun.uz anomal issiq munosabati bilan dolzarblashgan qator mavzularda maqolalar e'lon qilib kelmoqda.

Mavzuga oid