Sport | 19:18 / 21.09.2019
23971
2 daqiqa o‘qiladi

Shahobiddin Zoirov Amitni mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘ldi

Bugun, 21 sentabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha jahon chempionatining final janglari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili, 2016 yilgi Rio Olimpiadasi g‘olibi Shahobiddin Zoirov 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan hindistonlik Amitga qarshi ringga ko‘tarildi.

Jangni birinchi raqam ostida olib borgan Shahobiddin Zoirov hakamlar bergan ovozlarga ko‘ra jang g‘olibi deb topildi va jahon chempioniga aylandi.

Shahobiddin Zoirov finalgacha beshta jang o‘tkazgandi. U saralash bosqichini turkmanistonlik Yihlas Gilichjanovga qarshi o‘tkazib, yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozongandi. Shundan keyin Dominikan Respublikasi vakili, Panamerika o‘yinlari g‘olibi, turnirning to‘rtinchi saralangan bokschisi Rodrigo Marteni taslim qildi.

U nimchorak finalda qirg‘izistonlik Azat Usenaliyev, chorak finalda bolgariyalik Daniyel Asenov, yarim finalda esa fransiyalik Belal Bennamani mag‘lub etdi.

Amit esa yarim finalda qozog‘istonlik Saken Bibossinovni mag‘lub etgandi.

Bugun O‘zbekiston boks terma jamoasining yana uch nafar vakili jahon chempionatining oltin medali uchun ringga ko‘tariladi:

-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov (O‘zbekiston) – Lazaro Alvares Estrada (Kuba)
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov (O‘zbekiston) – Bekzad Nurdauletov (Qozog‘iston)
+91 kg: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Kamshibek Konkabayev (Qozog‘iston)

Mavzuga oid