O‘zbekiston | 14:44 / 23.01.2023
17436
8 daqiqa o‘qiladi

Mahallabay agentligida navbatdagi shubhali tenderlar: 1-2 kunlik MChJlar g‘olib bo‘lmoqda

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi o‘tkazgan, umumiy qiymati 4 mlrd so‘mni tashkil etuvchi 3 ta tenderning barchasini ochilganiga qisqa vaqt bo‘lgan bitta MChJ yutgan. Unga uchala tenderda ham bir xil kompaniyalar raqib bo‘lgan. Bu – agentlikning shubhali tenderlari bilan bog‘liq birinchi holat emas.

Subsidiya asosida berilayotgan noutbuk. Mirzo Ulug‘bek tumani / Foto: Mahallabay ishlash agentligi

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi 12 dekabrdan 19 dekabrga qadar 3 ta tender o‘tkazgan. Umumiy qiymati 4 mlrd so‘mni tashkil etuvchi mazkur tenderlarning barchasida ochilganiga 2 oy bo‘lgan “The Lexar” MChJ g‘olib deb topilgan.

1-holat. 1,5 mlrd so‘m

12 dekabrdan 19 dekabrga qadar kompyuter va noutbuk xaridi uchun o‘tkazilgan 1 mlrd 505 mln so‘mlik tenderda “The Lexar” MChJ g‘olib bo‘lgan va 22 dekabr kuni ushbu MChJ bilan 1 428 990 000 so‘mlik shartnoma tuzilgan.

2-holat. 1,48 mlrd so‘m

12 dekabrdan 19 dekabrga qadar kompyuter va noutbuk xaridi uchun o‘tkazilgan 1 mlrd 484 mln so‘mlik ikkinchi lotda ham “The Lexar” MChJ g‘olib bo‘lgan va 22 dekabr kuni ushbu MChJ bilan 1 408 980 000 so‘mlik shartnoma tuzilgan.

3-holat. 1,2 mlrd so‘m

12 dekabrdan 19 dekabrga qadar kompyuter, noutbuk va printer xaridi uchun o‘tkazilgan 1 mlrd 200 mln so‘mlik uchinchi lotda ham “The Lexar” MChJ g‘olib bo‘lgan va 22 dekabr kuni ushbu MChJ bilan 1 158 970 000 so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi ushbu 3 ta holat bo‘yicha “The Lexar” MChJ bilan umumiy hisobda 4 mlrd so‘mlik shartnoma tuzgan.

Davlat reyestriga ko‘ra, “The Lexar” MChJ 2022 yil 20 oktabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 100 foiz ulushiga Rasulov Javohir Abdurahmon o‘g‘li egalik qiladi.

E’tiborlisi, yuqoridagi 3 ta tenderning barchasida “The Lexar” MChJdan tashqari yana 2 ta — “Crucial” va “The Globall-Field” MChJlar ham qatnashgan. Davlat reyestrida esa har ikki MChJning yuridik manzili sifatida bitta joy – Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi, "Shayxontohur" MFY, 32A-uy ko‘rsatilgan. Ya’ni tenderda ishtirok etgan va “yutqazgan” ikkita MChJ bitta manzilda joylashgan.

Bundan tashqari, “The Globall-Field” MChJ 2 dekabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur MChJ tenderda qatnashib berish uchun ochilgan bo‘lishi mumkin. Bu holatlar esa tenderlarda korrupsion sxemalar borligi haqidagi shubhalarni yanada oshiradi.

Bu birinchi holat emas. Kun.uz avvalroq Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tikuv mashinalari xarid qilish uchun o‘tkazgan, umumiy qiymati 3,4 mlrd so‘mlik 4 ta tenderda ochilganiga bir necha kun bo‘lgan MChJlar g‘olib bo‘lganiga e’tibor qaratgandi. Ushbu tenderlarni o‘rganar ekanmiz, 2022 yildagi yana bir nechta shubhali holatlarga duch keldik.

Jumladan, “Chevar san’ati” MChJ tender tugaydigan kuni ochilgan va ikki haftada 4 mlrd 443 mln 850 ming so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

1-holat. 1 mlrd 660 mln so‘m

1 avgustdan 8 avgustga qadar tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan, 1 mlrd 660 mln so‘mlik tenderda 8 avgust kuni ochilgan “Chevar san’ati” MChJ g‘olib bo‘lgan va 1 mlrd 655 mln 850 ming so‘mlik shartnoma tuzilgan. Ya’ni tenderda g‘olib bo‘lgan firma tender yakunlanadigan kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2-holat. 1 mlrd 785 mln so‘m

11 avgustdan 18 avgustga qadar tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan, 1 mlrd 785 mln so‘mlik tenderni ham “Chevar san’ati” MChJ qo‘lga kiritgan va 1 mlrd 779 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan.

3-holat. 1 mlrd 10 mln so‘m

12 avgustdan 22 avgustga qadar noutbuk, monoblok va printer xarid qilish uchun o‘tkazilgan, 1 mlrd 10 mln so‘mlik tenderni ham “Chevar san’ati” MChJ qo‘lga kiritgan va 1 mlrd 9 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Ushbu 3 ta holatdan yaqqol ko‘rinib turibdiki, 8 avgustda ochilgan firma 22 avgustga qadar 3 ta tenderni, umumiy qiymatda 4 mlrd 443 mln 850 ming so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, “Tikuv ustasi” MChJ tender tugashiga ikki kun qolganda ochilgan va bir haftada 3 mlrd 406 mln 490 ming so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

1-holat. 1 mlrd 510 mln so‘m

30 avgustdan 8 sentabrga qadar tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 1 mlrd 510 mln so‘mlik tenderni 6 sentabr kuni ochilgan “Tikuv ustasi” MChJ qo‘lga kiritgan va 1 mlrd 508 mln 490 ming so‘mlik shartnoma tuzilgan. Ya’ni 2 kunlik firma ushbu tenderda g‘olib bo‘lgan.

2-holat. 788 mln so‘m

31 avgustdan 13 sentabrga qadar tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 788 mln so‘mlik tenderni ham “Tikuv ustasi” MChJ qo‘lga kiritgan va 788 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan.

3-holat. 1 mlrd 110 mln so‘m

31 avgustdan 13 sentabrga qadar tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 1 mlrd 110 mln so‘mlik yana bir tenderni ham “Tikuv ustasi” MChJ qo‘lga kiritgan va 1 mlrd 110 mln so‘mlik so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Ushbu 3 ta holatda ham 6 sentabrda ochilgan firma 13 sentabrga qadar 3 ta tenderni, umumiy qiymatda 3 mlrd 406 mln 490 ming so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.

Yana bir qiziq holat: agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi o‘tkazayotgan qator tenderlarda Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi MChJlar g‘olib bo‘lmoqda. Shuningdek, Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan MChJ g‘olib bo‘lgan o‘rinlarda esa o‘sha MChJ ta’sischisining Farg‘onada faoliyat yurituvchi MChJlari borligi ham turli shubhalarni uyg‘otmoqda.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan, soliq to‘lovchilarning milliardlab mablag‘lari haqida so‘z boradigan ushbu shubhali tenderlar bo‘yicha Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi jiddiy tekshiruv o‘tkazishi kerak.

Mavzuga oid