Birinchidan: Toshkent viloyati IIBB tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 21 yoshli yigitni “Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushish hamda ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan”likda ayblagan.

Vaholanki, sud hukmida ham, ayblanuvchining yaqinlari Kun.uz'ga taqdim qilgan, Yangiyo‘l tuman IIB tergovchilari imzosi bilan tasdiqlangan ayblov xulosasida ham bunday ma’lumot yo‘q.

Ikkinchidan: IIBB Jahongir Ulug‘murodovni “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan”likda ham ayblagan.

Ayblov xulosasida ham, sud hukmida ham bunday ma’lumot yo‘q.

4 varaqdan iborat ayblov xulosasida talaba yigitning faqatgina bir harakati borasida ma’lumotlar, shuningdek o‘zi va guvohlarning ko‘rsatmalari berilgan. Ya’ni Jahongir Ulug‘murodov – YouTube platformasidagi o‘zi ma’nosini yaxshi tushunmagan diniy qo‘shiqning havolasini (nashidaning o‘zini emas) guruhga yuborgani haqida ko‘rsatma bergan. Sud hukmi ham ayni ushbu ma’lumotni tasdiqlab turibdi.

Ya’ni, ayblanuvchi IIBB aytganidek noqonuniy materiallarni “tarqatish bilan shug‘ullangan” emas, balki bir marotaba Telegram guruhga yuborgan. Shuningdek, Jahongir Ulug‘murodov ayblov xulosasida ham nashid ma’nolarini tushunib yetmagani, bilmasdan tarqatgani hamda aybidan pushaymon ekani yozilgan.

Uchinchidan, IIBB bayonotidagi “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida”, degan ma’lumot, hujjatlarga tayanilsa, tuhmat bo‘lib qolmoqda.