O‘zbekiston | 17:23 / 16.02.2021
31231
16 daqiqa o‘qiladi

Abgor yo‘llar buyuk kelajakka olib bormaydi

Kutilmaganda Farg‘ona shahridagi mahallani piyoda kezgan prezident yo‘llardagi nosozliklar sabab Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevni koyidi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hududlardagi ayanchli yo‘llar qachon o‘nglanadi? Yo‘lsozlikdagi muammolar ko‘tarilishi uchun biror hududga prezident borishi shartmi?

«Yangiariqdan keldim, u yo‘l yo‘l emas», degandi davlat rahbari dekabr oyida Xorazmga tashrifi chog‘ida.

Darhaqiqat, yuzlab YTHlar aynan yo‘llarning nosozligi oqibatida ro‘y beryapti.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 184 174 km avtomobil yo‘llari bor. Shundan 42,8 ming kilometri umumiy foydalanishdagi, 116,5 ming kilometri ichki xo‘jalik yo‘llari va 24,7 ming kilometri idoraviy yo‘llarni tashkil etadi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda g‘alati paradoks shakllandi. Avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llar yozmi-qishmi, yomg‘irmi-qormi farqi yo‘q – davlat rahbarining tashrifi arafasida ta'mirlanmoqda. Buni jamoatchilik ko‘rib-bilib turibdi. Faqatgina kortej o‘tadigan yo‘llar, martabali mehmon boradigan mahallalar, ichki ko‘chalarda yap-yangi asfaltlarni ko‘rasiz (ularning aksariyati ko‘p o‘tmay buzilib, o‘ydim-chuqur bo‘lib ketishi ham sir emas), qolgan joylar eski hammom, eski tos.

Prezidentning o‘zi ham bunday ko‘zbo‘yamachilikdan xabardor ekanini yashirmadi va Farg‘onaga tashrifi chog‘ida dasturga kiritilmagan mahallaga borishni ixtiyor etdi. Kutilmagan tashrifdan keyin shahar «to‘rtligi» ishdan ketdi.

Yo‘llarni ta'mirlash va qayta qurish uchun ajratilayotgan mablag‘larni eshitib, prezident qo‘mita raisiga soha uchun ajratilgan pullarni bekorga eslatmaganiga amin bo‘lish mumkin.

«Mana shu yo‘llarga kim javob berishi kerak? Sen shuncha yonimda yurgan odamsan, nega shuni aytmaysan? Bu yo‘llar sifati sharmandalik emasmi? Mayli, tumanlarda hech balo qilmabsan, shaharda-chi? Nega men aytmasam qilmaysan shuni, to‘rt yildan beri yonimda yuribsan-ku? Shuncha pul beryapman, nega o‘zingni qiynamaysan? Nega taklif bermaysan, nega hammang befarqsan? Hozir yana ketasizlar, yana eski hammom, eski tos bo‘ladi», – dedi Mirziyoyev.

Masalan, 2020 yilda yo‘llarni ta'mirlash va qurish uchun 5,1 trillion so‘mdan ziyodroq (492 million dollar atrofida) pul ajratilgan. Bu mablag‘ evaziga o‘tgan yili 6,4 ming km avtomobil yo‘llari qayta qurilgan yoki ta'mirlangan.

6 ming kilometr yo‘l va 5,1 trillion so‘m. Bular – kichkina raqamlar emas! Lekin natija nima bo‘ldi? Shuncha mablag‘ evaziga ta'mirlangan yo‘llarda bir yomg‘irli mavsumdan keyin yana o‘ydim-chuqurlar paydo bo‘lishi yo‘llar sifatsiz qurilganidanmi yoki ajratilgan pullarning hammasi ham yo‘lga «yotqizilmagani»ni anglatadimi?

Axir ta'mirlangan yo‘llar standartlarga javob berishi va o‘z muddati davomida xalqqa xizmat qilishi kerak emasmi?

Uzoqqa bormasdan, qaysidir ma'noda mintaqadagi iqtisodiy raqobatchimiz deya qaraladigan Qozog‘iston yo‘llari ham O‘zbekistondagidan ko‘ra ancha sifatli ekanini ko‘rishimiz mumkin. Hattoki, qo‘shnilarimizning rivojlanmagan janubiy tumanlaridagi yo‘llari ham bizning poytaxt Toshkentdagi ayrim ko‘chalardan ko‘ra sifatliroq.

Yo‘l ta'miri uchun sarflanadigan mablag‘larga kelsak, bu borada ham yon qo‘shnimiz bizdan ilgarilab ketganini ko‘rish mumkin. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston 2020 yilda 9,5 ming kilometr respublika va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarni ta'mirlash uchun 1,6 milliard dollar sarf qilgan.

jLLBe36JmFKHB6tQGcLGWHkgAiWdWaw6.jpg (1280×720)

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotida, 2021 yilda 4,5 trln so‘m mablag‘ evaziga 3,9 ming km avtomobil yo‘llarini qayta qurish va ta'mirlash ko‘zda tutilgani aytiladi. Ta'mirlanadigan 3935 km avtomobil yo‘llari uchun mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • investitsiya dasturi doirasida 2 trln 165 mlrd so‘m o‘zlashtirilib, 95,8 km avtomobil yo‘llari qayta quriladi;
  • kapital ta'mirlash dasturi doirasida 355 mlrd so‘m o‘zlashtirilib, 100 km avtomobil yo‘li kapital ta'mirlanadi;
  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta'mirlash va saqlash bo‘yicha 1 trln 801 mlrd so‘m miqdorida ishlar bajarilib, 2540 km avtomobil yo‘llari ta'mirlanadi;
  • 255,6 mlrd so‘m miqdorida ishlar bajarilib, 1200 km ichki yo‘llar ta'mirlanadi.

2021 yilda ta'mirlanadigan yo‘llar uchun sarflanadigan mablag‘larning taqsimlanishida qiziq bir jihat e'tiborimizni tortdi: «2,1 trillion so‘m (206 mln dollar) evaziga 95,8 km avtomobil yo‘lini qayta qurish ko‘zda tutilmoqda». Bu degani ushbu avtomobil yo‘lining har bir kilometri uchun qariyb 2,2 mln dollar ajratiladi! Bunday jahon standartlari darajasidagi qimmatbaho yo‘l qayerda qurilishi va uning sifatiga necha yil davomida kafolat berilishi borasida ma'lumotlar berilmagan.

Yo‘l qurilishi sohasida shaffoflik yo‘q

O‘zbekistonda yo‘l qurilishiga mas'ul mutaxassislar boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ajratilgan pullar va bajariladigan ishlarni umumiy raqamlarda aytish bilan cheklanib qolyapti. Aslida har bir kilometr uchun qancha mablag‘ ajratilishi, bu pullar evaziga faqat yo‘lning qatnov qismi ta'mirlanadimi yoki yo‘lning atroflari ham obodonlashtiriladimi, yo‘llarni qurish qaysi standart talablariga javob beradi, bu standartlar O‘zbekistonda bormi – bularning hammasidan soliq to‘lovchilar, ya'ni xalq xabardor bo‘lishi kerak.

Agar rostdan ham yo‘l ta'miri uchun ajratilgan har bir so‘m to‘g‘ri sarflanayotgan bo‘lsa, mas'ullar buni ko‘rsatib bersin

O‘zbekiston transport prokuraturasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda yo‘l va ko‘prik qurilish sohasida budjetdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirish holati bo‘yicha 40ga yaqin jinoyat ishi ochilgan va korrupsion holatlar bo‘yicha 11,5 mlrd so‘mlik davlat mulki talon-toroji fosh etilgan.

Yana bir masala – yo‘l ta'miri uchun ajratilayotgan mablag‘lar. Yaxshi va sifatli yo‘llarni qurish uchun yaxshigina mablag‘ kerak. Bunga qo‘shimcha mablag‘larni yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan «otning kallasidek» katta jarimalardan tushayotgan pullardan ajratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalar summasi ham, avtomobil oynalarini qoraytirganlik uchun to‘lanayotgan milliardlar ham IIV xodimlarini rag‘batlantirish uchun emas, balki sifatsiz va ta'mirtalab yo‘llarni to‘g‘rilashga sarflash masalasini ham o‘ylab ko‘rish lozim.

Bundan tashqari, hududidagi o‘ydim-chuqur yo‘llar muammosini budjetning puliga qimmatbaho yo‘ltanlamas mashinalar sotib olish bilan «hal qilayotgan» yoki ko‘rib ko‘rmaganga olayotgan hokimlarimiz ham mahalliy yo‘llarni sifati haqida qayg‘urishi kerak.

Yo‘l qurilishida pudratchilarni tanlab olish uchun o‘tkaziladigan tenderlar masalasining o‘zi alohida mavzu...

Xalqaro reytinglarda O‘zbekiston... yo‘q!

Jahon iqtisodiy forumi har yili dunyodagi eng yomon va yaxshi yo‘llarga ega davlatlar reytingini tuzib keladi. Yo‘llar birdan yettigacha bo‘lgan shkalada baholagan bo‘lib, qaysi mamlakat yuqori ball to‘plagan bo‘lsa, yo‘llarining sifati yuqori ekanini anglatadi. Jami to‘plagan balli past bo‘lgan mamlakatning yo‘llari sifatsiz degan xulosani beradi.

E'tiborlisi, hozirgacha qadar O‘zbekiston bu reytingdan umuman joy olmagan. 2019 yilgi reytingdan 137 mamlakat o‘rin olgan bo‘lib, xususan, Tojikiston (51-o‘rin), Qozog‘iston (93-o‘rin) va Qirg‘iziston (112-o‘rin) kabi qo‘shni davlatlarning yo‘llari baholangan.

Kuzatuvchilar fikricha, Tojikistonda yo‘llar xususiylashtirilgani magistral yo‘llar sifati yaxshilanishiga olib kelgan. Tojikistonning yo‘llari O‘zbekistonnikiga nisbatan tekis ekanini yaqinda chegaralar ochilib, Tojikistonda mehmonda bo‘lib qaytgan o‘zbekistonlik jurnalistlar ham e'tirof etishgan.

O‘zbekistonda qurilayotgan yo‘llarning sifati xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydi va uzoq vaqtga chidamaydi? Turgan gapki, buning asosiy sababi korrupsiyaga borib taqaladi.

2020 yilda O‘zbekistonda yo‘llar qurilishidagi korrupsion holatlar bo‘yicha 11,5 mlrd so‘mlik davlat mulki talon-toroji fosh etilgan. Sobiq ittifoq davridayoq «20 santimetrli asfalt qatlami yotqizish kerak bo‘lgan joyda atigi bir santimetr asfaltni urib qolish» bilan necha-necha tonna bitum, shag‘al tejab qolinishi va ularning sotuvidan keladigan millionlarni «cho‘ntakka urish mumkin»ligi haqida kalkulyatsiya yurardi.

ddwerw002.jpg (800×510)

Ekspertlarning aytishicha, O‘zbekistonda yoz va qish mavsumiga mos standart bo‘yicha asfalt yotqizilmasligi yo‘llarning tez o‘ydim-chuqur bo‘lib qolishiga olib keladi.

Kanadada yashovchi o‘zbek injyeneri Sharofiddin Qaraboyev Kun.uz'ga bergan intervyusida qurilish obektlarini bayramlarga topshirish an'anasi va SSSRdan qolgan qurilish standartlaridan voz kechish kerakligini ta'kidlagandi. Uning bu so‘zlari yo‘lsozlikdagi muammolarga ham xos.

O‘zbekistonda ham yo‘llarni xususiylashtirish orqali muammoga yechim topish mumkinmi?

O‘zbekistonda pulli yo‘llar qurish bo‘yicha rejalar ilk marta 2018 yilda ma'lum qilingan, shundan so‘ng harakatlanish pulli bo‘lgan ikkita tunnel va uchta avtoyo‘l qurilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi dastlabki pullik yo‘llar 2023 yildan keyin qurilishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 10 fevralidagi selektorda ham yo‘llarning ahvolidan aholi norozi ekanini eslatdi. Shuningdek, bosh vazir 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligidagi kompleksga – yil yakuniga qadar 10 ming kilometrdan ortiq ichki va qishloq (mahalla) yo‘llarini ta'mirlash vazifasini qo‘ydi.

Selektorda yo‘llarni ta'mirlashda davlat-xususiy sherikchilik tizimini joriy qilish kerakligi ham aytildi. Kim bilsin, sohaga xususiy sektorning jalb etilishi 30 yildan beri bitmayotgan yaraga malham bo‘lar?!

Muammolarni sanab, chapak chalib o‘tiravermaylik!

O‘tgan yili avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlashga doir hukumat qarori loyihasi, «2020–2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi e'lon qilingan edi. Biroq ochiq ma'lumotlarda ushbu qarorlar qabul qilingan yoki qilinmagani haqida ma'lumotlar uchramadi.

Jumladan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyada yo‘l qurilishini rivojlantirish va takomillashtirish sohasida yagona davlat siyosati asoslarini ishlab chiqish; yo‘l xo‘jaligida mablag‘larni boshqarish, moliyalashtirish va sarflashning samarali tizimini amalga oshirish; yo‘l-qurilish sanoatining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash; xorijiy kompaniyalar bilan qurilish materiallar ishlab chiqarish, xomashyo resurslarini qayta ishlash va pudrat kompaniyalari qurilishini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish kabilar ko‘zda tutilgandi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili yo‘l qurilishi sohasidagi eng ustuvor loyihalarni tanlab olish mezonlari o‘zgarishi, yo‘l qurilishi sohasida «Maxsus yo‘l diagnostika markazi» tuzilishi, bu orqali Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati samaradorligi oshirilishi, Germaniyaning Roland Berger kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘llar qurish strategiyasini ishlab chiqishi rejalashtirilayotgani, Raqobatbardosh yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotgani, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutida Germaniyaning o‘qitish tizimini joriy qilinishi haqida xabarlar berilgandi.

Biroq buning hayotimizga ta'siri sezilmayapti, yo‘llarning sifati yaxshilanib qolmayapti. Demak, tizimda inqilobiy o‘zgarishlar qilish fursati yetgan.

2019 yilda O‘zbekistonda 70 ming kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari katta ta'mirga muhtojligi ma'lum qilingan bo‘lsa, o‘tgan ikki yil ichida bu masofa atigi 10 ming kilometrga qisqargan.

Xitoyda Mao Tszedun vafotidan keyin hokimiyatga kelgan yangi rahbarlar ham sifatli yo‘llar qurmasdan mamlakatni rivojlantirib bo‘lmasligini anglab yetishgan va «Rivojlanishni xohlasak, avvalo sifatli yo‘llar qurishimiz kerak», degan shior ostida yo‘l qurish standarti ishlab chiqilgan edi. Ko‘ryapmizki, bugun Xitoy nafaqat avtomobil yo‘llari uzunligi, balki ularning sifati bo‘yicha ham yetakchi davlatlardan biriga aylangan.

ddwerw003.jpg (800×510)

Bizningcha ham Amerikani qayta kashf etish shart emas. Yo‘lsozlik borasida muvaffaqiyatga erishgan davlatlar tajribasini O‘zbekistonda ham joriy etish, ishonchni oqlamayotgan mahalliy mutaxassislardan voz kechib, soha bo‘yicha ko‘p yillik malaka va ijobiy imijga ega xorijlik hamkorlar bilan hamkorlikni zudtar kengaytirish maqsadga muvofiq.

Yo‘llarni xususiylashtirish ham tizimli muammolarning yechimi bo‘lishi mumkin. Har holda budjetdan ajratilayotgan hamda xalqaro donorlardan olinayotgan pullar o‘z manziliga yetib bormayotgan yoki qilingan xarajatga yarasha natija bermayotgan bir paytda eng maqbul chora shu bo‘lib ko‘rinmoqda.

Aks holda, yana o‘n yildan keyin ham muammolarimizni sanab chapak chalib o‘tiraveramiz.

Jamshid Niyozov,
Farrux Absattarov,
– Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid