O‘zbekiston | 10:00 / 23.11.2025
14211
21 daqiqa o‘qiladi

Changga qarshi safarbarlik va IIBBda in qurgan talonchilar - hafta dayjesti

Ekologiya organiga yangi vakolatlar va hatto politsiya maqomi berildi: vaziyat endi o‘zgararmikin? Uy-joyga spekulyativ talab pasaydi: bozordagi pufak so‘rilib ketdimi? Soliq raisi Sherzod Qudbiyevga yangi lavozim: o‘tgan safar 1 yil ichida yopilib ketgan tashkilot yana ochildi. Elektr tarmoqlarini ham xususiy sektor boshqaradi: bu yangilik qaysi viloyatdan boshlanishi ma’lum.

Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent chang bilan kurashmoqda

21 noyabr kuni Toshkent shahri havosining iflosligi bo‘yicha yana bir bor dunyo reytingida birinchi o‘ringa chiqdi. Bu – kuzdan bahorgacha yangilik emas, odatiy holga aylanib qolgani uchun, ko‘pincha haftalik dayjestlarimizda bu faktni aytib o‘tirmaymiz. Lekin bu gal vaziyatga rasmiylarning reaksiyasi boshqacharoq bo‘ldi: juma kuni Toshkentda changni bostirish uchun yo‘llar va daraxtlarga suv sepila boshlandi. Mavsum tugaganiga qaramay, favvoralar va sug‘orish tizimlari ham yoqib qo‘yildi. Qurilish maydonlarida ham chang ko‘tarilmasligi uchun suv sepilyapti.

Poytaxt hokimligiga ko‘ra, bu choralar muammo ildizlarini bartaraf eta olmasa ham, “bir necha soat ichida changni sezilarli kamaytirish” imkonini beradi. “Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning qator yirik shaharlarida ham havo ifloslanishi avj olgan davrlarda qo‘llanadi”, deyiladi hokimlik bayonotida. Ekologiya qo‘mitasining bu haqdagi xabarida esa Toshkentda havo ifloslanishini kamaytirish uchun tezkor shtab tuzilgani, vaziyatni barqarorlashtirish uchun “barcha choralar ko‘rilayotgani” aytilgan.

O‘tgan haftadagi dayjestimizda IQAir portali orqali Toshkentdagi havo sifatini kuzatib borayotganlar soni 600 mingga yaqinlashib qolganini aytgan edik. Atigi bir hafta ichida, bu raqam 200 mingtadan ko‘proqqa oshib, 800 mingdan oshib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar esa changli Toshkent suratlari bilan to‘lyapti. Ayni bitta joydan avval va hozir olingan suratlarda hozir shaharni sarg‘ish tuman qoplab olgandek ko‘rinadi. Lekin afsuski, bu tuman emas, o‘pkamizni to‘ldirayotgan g‘ubor. Avvallari xorij yangiliklari va kinolarida ko‘rganimiz smogning ayni o‘zginasi.

Kun.uz'ning Telegram-manziliga yuborilgan ikki surat

O‘zgidromet direktori Sherzod Habibullayevga ko‘ra, havoning bunchalik yomonlashib ketishida antropogen omillardan tashqari, tabiiy omillarning ham roli bor: yomg‘irsiz o‘tayotgan kuz fonida, havo haroratini o‘zgarib, chang ko‘tarilishi bilan kechadigan inversiya hodisasini keltirib chiqargan. Meteorologlar bunday sharoitda respublika aholisi, ayniqsa Toshkentda yashovchilarni ko‘chaga kamroq chiqish, chiqqanda ham niqob taqish, bolalar, keksalar va surunkali kasalligi borlarni iloji boricha iflos havodan himoya qilishga chaqiryapti. Rasmiy manbalardan havo sifatiga oid ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish ham tavsiya etiladi.

Ekologiya boshqaruvida o‘zgarishlar

Seshanba kuni imzolangan prezident qarori bilan, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga oid qator choralar belgilandi. Avvalo, ekologiya organining vakolatlari va moliyaviy ta’minoti oshirilyapti. Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqarilib, Ekologiya qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi. Institutsional mustaqillikka erishgan va endi faqat prezidentga bo‘ysunadigan qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov, bir vaqtning o‘zida, prezident maslahatchisi sifatida ham faoliyat yuritadi.

Abduhakimov, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan Ekopolitsiya boshlig‘i lavozimini ham egallaydi. Ekopolitsiya shu paytgacha faoliyat yuritib kelgan Ekologiya inspeksiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy prokuraturalar negizida tashkil etiladi. Ekopolitsiya xodimlari – jismoniy kuch ishlatish, elektroshoker, rezina o‘qli va to‘r otuvchi qurollarni qo‘llash huquqiga ega deb belgilandi. Ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.

Tashkiliy yangiliklardan yana biri – tuman ekologiya bo‘limlari hokimlar bo‘ysunuviga o‘tmaydigan bo‘ldi. Bundan tashqari, endi hatto Vazirlar Mahkamasi ham na daraxt kesishga, na daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat bera olmaydi. Prezident qarori bilan, bosh vazirdan tortib barcha vazirlar, idoralar rahbarlari va hokimlargacha daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi har qanaqa turdagi hujjatni qabul qilishi qat’iyan taqiqlandi. Vazirlar Mahkamasining ekologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilmaslikka istisno tariqasida ruxsat berish vakolati ham bekor qilindi. Shuningdek, tabiatga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlaridan imtiyoz olganlarning barchasi bu imtiyozidan mahrum etildi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston prezidentining ekologiya bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya qo‘mitasi raisi – Ekopolitsiya boshlig‘i lavozimini egalladi. / Arxiv foto: Prezident matbuot xizmati

Qarorga asosan, yashillikni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan jamoatchilik ixtiyorida yangi vosita paydo bo‘lishi kutilyapti. Agar topshiriq o‘z vaqtida bajarilsa, 2026 yil 1 apreldan e’tiboran mahallalarda daraxtlar o‘sib turgan va hali egasini topib ulgurmagan yer maydonlarini jamoatchilik ixtiyorida saqlab qolish uchun davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali tashabbus kiritish imkoniyati yaratiladi. Bu tashabbusga mahalla ahlining kamida 10 foizi rozi bo‘lgan taqdirda, ushbu yer maydonini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi. Bu taqiq kadastr bazasida ham aks etadi, natijada odamlar o‘zlari bexabar holda mahallasidagi daraxtzoridan ajralib qolishining oldini olinadi.

Havo ifloslanishi muammosiga kelsak, qarorga bu bo‘yicha ham ayrim choralar kiritilgan. Xususan, yil oxirigacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik takliflar ishlab chiqilishi belgilandi. 1 dekabrdan AI-80 benzini sotuvini to‘xtatish, mazut va shunga o‘xshash yuqori ifloslantiruvchi yoqilg‘ilardan foydalanganlik uchun javobgarlik kiritish, tig‘iz vaqtlarda yuk avtomobillari harakatini cheklash ham ko‘zda tutilgan. Qurilish sohasida esa, developerlar oldiga yangi talablar qo‘yilishi mumkin: binolarni loyihalashtirishda shamol yo‘nalishi va tezligini inobatga olish, qurilish obektining yaqiniga onlayn kamera va havo sifatini monitoring qilib boruvchi stansiya o‘rnatish kabi talablar shular jumlasidan.

Fon monitoring stansiyalarini atrof-muhitga xavflilik darajasiga ko‘ra 1- va 2-toifaga mansub barcha sanoat korxonalari (sement zavodlari, neft, gaz, kimyo majmualari, elektr stansiyalari, teri-ko‘nchilik fabrikalari kabilar) ham o‘rnatishi majburiy deb belgilandi. Buning uchun ularga 2026 yil 1 martgacha muhlat berildi: shu sanagacha ular havo sifatini o‘lchab turuvchi fon monitoring stansiyalarini o‘rnatishi va bu stansiyalarni Ekologiya qo‘mitasi bazasiga integratsiya qilishi shart. Aks holda, tabiatga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshiriladi.

 

Qarordan ekologiya xodimlarining malakasini oshirish, ularning martaba darajalarini joriy etish va shunga qarab oylik maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lash kabi yangiliklar ham o‘rin olgan. Sohadagi eng taniqli kishilardan biri, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev esa lavozimidan ozod etildi. Iste’fosi ma’lum bo‘lgan kuni Kusherbayevning o‘zi AQShning Toshkentdagi elchisi bilan uchrashganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekistonning tashqi siyosati, ekologiya holat, fuqarolik jamiyati va parlament instituti, inson huquqlari va vijdon erkinligi haqida so‘z borgan. Keyinroq Kusherbayev lavozimini tark etmagani, qo‘mita raisining maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Uy-joy bozorida nima gaplar?

O‘zbekistonda uy-joy bozoridagi pufak so‘rilib ketganga o‘xshaydi. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, uy-joylarning bozor narxi mulkning real qiymati bilan deyarli tenglashgan. Bozordagi o‘sish avjiga chiqqan 2023 yilda uylar narxi fundamental qiymatidan 23 foizgacha, 2024 yilda esa 18 foizgacha baland bo‘lgan. 2025 yilning 1-yarmiga kelib esa, bu farq 4 foizgacha qisqargan. Markaziy bankning izohlashicha, bir yil ichidagi bunday sezilarli dinamika – ko‘chmas mulk bozorida taklifning sezilarli ortgani, spekulyativ talabning pasaygani va qurilish qilish xarajatlarining oshgani bilan bog‘liq.

Oddiyroq aytganda, uylar narxidagi yuqoriga sakrashlar to‘xtaganidan keyin, yashash uchun emas, keyinroq qimmatiga sotish niyatida uy sotib oluvchi investorlarning qiziqishi susaygan. Shu bilan bir paytda sotuvdagi uylar soni ham oshgan. Boshqa tomondan, qurilish xarajatlarining oshishi uy-joyning fundamental qiymati ko‘tarilishiga olib kelgan. Natijada, bozordagi pufak hajmi sezilarli darajada kichraygan.

Shu bilan birga, Markaziy bankning bu hisoboti 2025 yil iyunidan keyingi vaziyatni qamrab olmaydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ko‘chmas mulk bozori yana jonlangan. Oktyabr oyida 27 mingdan ortiq oldi-sotdi bitimlari rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu – ajiotaj eng yuqori nuqtasiga chiqqan 2023 yil avgustidan keyingi davr uchun maksimal ko‘rsatkich. Narxlarga kelsak, Toshkent shahrida birlamchi bozordagi uylar narxi oxirgi bir yilda 2,1 foizga oshgan, ikkilamchi bozordagi uylar esa 1 foizga arzonlashgan.

Qonunchilikka ko‘ra, 1 yanvardan e’tiboran barcha quruvchilar ulush kiritish asosidagi loyihalarini eskrou tizimi orqali amalga oshirishi majburiy bo‘ladi. Ya’ni mijozlar hali bitmagan uy uchun pulni quruvchiga to‘lamasdan, bankdagi eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va bu pullar toki uy bitmaguncha quruvchining qo‘liga berilmaydi. Bunda banklar eskrou hisobvarag‘ida ulushdorlarning pullari turgani sababli, quruvchiga arzonroq stavkada kredit beradi. Shu tariqa, firibgarlik holatlarining oldi olinishi ko‘zda tutilgan.

Shu hafta uy-joylar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ham prezident farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2040 yilga borib har yili quriladigan yangi xonadonlar soni 421 mingtaga olib chiqilishi kerak. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 100 mingta bo‘lgan. 2040 yilgacha ipoteka krediti portfelini 10 barobardan ortiq ko‘paytirgan holda, 57 mlrd dollarga yetkazish ham ko‘zda tutilyapti. Belgilangan rejalar natijasida 2040 yilga borib O‘zbekistondagi jamiki uy-joylarning 50 foizini zamonaviy uy-joylar tashkil etishi kerak.

Sherzod Qudbiyev Soliq qo‘mitasi raisligidan hurmat bilan kuzatildi. / Foto: Qo‘mita matbuot xizmati

Farmon bilan, uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish uchun Urbanizatsiya qo‘mitasi ham tuzildi. Kadastr agentligi Iqtisodiyot vazirligi huzuridan chiqarilib, yangi qo‘mita tizimiga o‘tkazildi. Urbanizatsiya qo‘mitasiga Sherzod Qudbiyev raislik qiladi. U boshqarib kelgan Soliq qo‘mitasiga esa Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov rais etib tayinlandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilda ham Urbanizatsiya agentligi tashkil etilgan, lekin oradan bir yil o‘tar-o‘tmay, tugatib yuborilgan, funksiyalari esa Qurilish vazirligiga o‘tkazilgan edi

Poytaxt IIBB xodimlarining reyderligi

So‘nggi paytlarda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi hayratomuz jinoyatlar haqida xabarlar ko‘payib boryapti. Kun.uz'ning navbatdagi surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili yoz oylarida Toshkent shahar IIBBning 8 nafar tezkor xodimi fuqaroning 233 ming dollar mablag‘ini zo‘rlik ishlatib tortib olgan. Ya’ni chekka bir tumanda emas, poytaxtning qoq markazida; bir emas, naq 8 nafar xodim, davlat bergan pogondan foydalanib, kuppa-kunduzi talonchilik qilgan.

Voqea – fuqarolik kiyimidagi 3 nafar xodim Ichki ishlar vazirligi binosiga yaqin joydagi kafeda tushlik qilib o‘tirgan bir dasturchini ushlab olib ketishidan boshlanadi. Sud hujjatlariga ko‘ra, tezkor xodimlar ikki fuqaroni ichki ishlar binosiga olib kelib, bosim va qiynoqlar qo‘llagan holda, ularning elektron hamyonidagi kriptovalutalarni o‘zlariga tegishli boshqa hamyonga o‘tkazib olishgan. So‘ngra aktivlarni naqdlashtirib, o‘zaro bo‘lishib olishgan.

Tintuv davrida xodimlarning uyi va xizmat xonalaridan jami 170 ming dollardan oshiq pul mablag‘lari va giyohvand moddalar topilgan. Keyinchalik sud hukmi bilan jinoyatchilardan 3 nafari 11 yilga, yana 2 nafari 10 yilga, qolganlari esa turli muddatlarga qamalgan. Keyingi ikkita instansiyada ham birlamchi sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Hafta davomida tizimdagi boshqa jinoyatlar haqida ham xabarlar tarqaldi. DXX xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida IIBning ikki xodimi pora olayotganda qo‘lga tushgan. Xabarda aytilishicha, oktyabr oyida tumandagi fermerlardan biri dalasidagi polietilen sellofanlar o‘g‘irlab ketilgani yuzasidan ichki ishlarga murojaat qilgan. O‘g‘irlikni o‘rganish davomida podpolkovnik va mayor unvonidagi katta tezkor xodimlar 4 nafar gumondorni idoraga olib kelib, ularni qamab yuborish bilan qo‘rqitgan va ishni “bosdi-bosdi” qilish evaziga 55 mln so‘m talab qilgan. Xodimlar avvaliga 24 mln so‘m olgani, yana 11 mln so‘m olayotgan paytda qo‘lga tushgani aytilyapti.

Jizzaxda esa ikki nafar YPX xodimi tezkor tadbirlarda qo‘lga olindi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, ulardan biri spirtli ichimlik ichgan haydovchiga chora ko‘rmaslik evaziga 1500 dollar so‘rab, 18 mln so‘m olgan. Ikkinchisi esa 1 mln so‘m bilan ushlangan. Har ikkala holat bo‘yicha ham rasmiy ma’lumot berilmadi.

8400 dollar, 5 ming dollar, 2 ming dollar...

Toshkent viloyati hokimligining Yagona buyurtmachi xizmati bosh yuriskonsulti 8400 dollar bilan ushlandi. / Foto: DXX

“Pora bilan ushlandi” turkumidagi yangiliklarda boshqa sohalar xodimlari ham bor. Masalan, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektori 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. DXX xabariga ko‘ra, u shuncha pulni 8,7 mlrd so‘mlik soliqni bekor qilib berish evaziga olgan. Boshqa bir holatda, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining sho‘’ba boshlig‘i va bosh inspektor lavozimlarida ishlovchi ikki mansabdori tadbirkorning soliq qarzini kamaytirib berish evaziga 1500 dollar olgan paytida ushlandi.

Korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlardan yana biri – MIBning Farg‘ona tuman bo‘limi boshlig‘i. Kun.uz ixtiyoridagi sud hukmiga ko‘ra, u sudning ijro varaqasi bo‘yicha ijro harakatlarini yakunlab berish evaziga 2 ming dollar talab qilib, shundan 1200 dollarini olgan, qolgan 800 dollarini olayotganda esa qo‘lga tushgan. E’tiborlisi, u sudda bergan ko‘rsatmasida bu pullarni go‘yoki ishxonasini ta’mirlash niyatida olganini aytgan. Sud Farg‘ona tuman MIB boshlig‘ini 3 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Hafta davomida, shuningdek, Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari 500 dollarlik pora ishi bo‘yicha 3 yilga qamalgani, Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” bosh yuriskonsulti 8400 dollar bilan qo‘lga tushgani ham ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Namangan shahrida ta’lim tizimi mansabdorlari tashkil etgan “bunker” fosh etildi: bu yerda attestatsiya imtihonlari payti o‘qituvchilarga masofadan turib yordam berilgan. Tashkilotchilar bu xizmati bilan sentabr-oktyabr oylarida o‘qituvchilardan jami 25 ming dollar yig‘ib olgani aytilyapti.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Hududiy elektr tarmoqlarini xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish boshlanyapti. Birinchi bo‘lib Samarqand viloyati elektr tarmoqlari Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi boshqaruviga beriladigan bo‘ldi. Kompaniyaga xalqaro tenderda g‘olib bo‘lganini tasdiqlovchi hujjat topshirildi. Endi tomonlar o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik bitimi tuziladi va unga asosan, Aksa Enerji Samarqand viloyatidagi elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilgan holda, 30 yilgacha muddatga boshqarish huquqini oladi. Turk shirkati 1 mlrd dollargacha investitsiya kiritishi mumkinligi aytilyapti. Eslatib o‘tamiz, 2027 yil oxirigacha barcha hududlardagi elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahridagi bozorlarda avtoturargohlar narxi oshirildi. Poytaxt hokimining qarori bilan, dastlabki 2 soat uchun tariflar o‘zgarishsiz qoldirildi, mashinani 2 soatdan ko‘pga qoldirish narxi esa 2 barobardan 3,3 barobargacha oshirildi. Xususan, endi shanba-yakshanba kunlari Toshkentdagi birorta bozorga borib, mashinangizni 4 soatdan ortiqroq vaqtga avtoturargohda qoldirsangiz, 50 ming so‘m to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, bundan buyon poytaxtdagi bozorlar va savdo majmualarida tijoriy maqsadda video syomka qilish pulli bo‘ladi: buning uchun soatiga 5 mln so‘mlik to‘lov joriy etildi. Hokimlikka ko‘ra, bu to‘lov faqat professional kontent yaratuvchilarga taalluqli bo‘lib, oddiy tashrif buyuruvchilarga, chet elliklarga va OAV xodimlariga tegishli emas.

Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev o‘zbek shaxmatida tarix yaratdi.

Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov o‘zbek shaxmatida sensatsion natija qayd etdi. Ular ikkalasi ham Jahon kubogining yarim finaliga chiqib, bu bosqichda o‘zaro ro‘baro‘ kelib qoldi. Asosiysi: tarixda ilk marta Nomzodlar turnirida o‘zbek shaxmatchisi ham qatnashishi aniq bo‘lib ulgurdi. Qolaversa, yarimfinalda yutqazgan vakilimiz 3-o‘rin uchun bahs orqali ham Nomzodlar turniriga yo‘llanma olish imkoniyatini saqlab qoladi. Nodirbek va Javohirning o‘zaro bahsi bugun, 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shaxmat tojiga da’vogarlar turniri esa 28 mart – 16 aprel kunlari Kiprda bo‘lib o‘tadi. Turnir g‘olibi – hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan dona surib, undan shaxmat tojini olib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar milliy jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini nimchorak finalda yakunladi. Yigitlarimiz pley-offdagi ikkinchi o‘yinda Italiyaga 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yindan keyin bosh murabbiy Islombek Ismoilov shogirdlari bilan xayrlashdi. Milliy jamoa esa o‘rtoqlik maqomidagi xalqaro turnir finalida Eron bilan golsiz durang o‘ynab, penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘olib chiqdi. Shundan keyin O‘zbekiston FIFA reytingida 5 pog‘ona yuqorilab, 50-o‘ringa chiqdi. Eslatib o‘tamiz, hozirgacha bu reytingdagi eng katta natijamiz 45-o‘rin bo‘lgan.

O‘zbekistonda “Shajara” nomli axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda adliya vaziri Akbar Toshqulovning davlat rahbariga qilgan taqdimotida ma’lum qilindi. “Shajara” tizimi orqali odamlar o‘z shajarasini yaratishi, ajdodlarining tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlari bilan tanishishi, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlashi mumkin bo‘ladi. Yig‘ilishda intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini raqamlashtirish va isloh qilishga oid boshqa takliflar ham ilgari surilgan.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid