Johiliyat davrida arablar qizlarini yerga tiriklayin ko‘mishardi, ular qiz ko‘rishni or deb bilishardi. Ammo u davrlar endi o‘tdi, bunga bir yarim ming yil bo‘ldi. Bugun har bir millat uchun farzand qadrli. Kimdir ko‘p bolajonli bo‘lishni istaydi, yana kimdir esa bir-ikki nafar bola bilan cheklanadi. Gap bu haqida emas, gap o‘zbekning bolajonlik tuyg‘usi qanday qilib yo‘q bo‘lib borayotganligida, yo‘q qilinayotganlikda.

Nari-berisi o‘tgan bir yil ichida shunday voqealarga guvoh bo‘ldikki, bu ilgarilari sodir bo‘lganu biz eshitmaganmiz yoki hozir bo‘lyaptiyu OAVning tezkorligi sabab bu voqealarni eshitaverib, qalblarimiz qotib bormoqda. Ona bolasini bo‘g‘ib o‘ldirmoqda, ayollar bolalarni tiriklayin yoqmoqda, suvga g‘arq qilmoqda va hokazo. Yoqani ushlash emas, balki yirtadigan ishlar shundoq millatdoshlarimiz, jonajon xalqimiz, o‘zbeklar, bolajon o‘zbek ayollari tomonidan qilinmoqda. Faktlarga e'tibor qaratamiz...

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida aynan shu yilning 7-8 mart kuni “Qishloqazon” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan yangi tug‘ilgan o‘g‘il bola chaqaloqning bo‘yin sohasiga mato bo‘lagi bog‘langan holdagi jasadi topiladi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida aynan shu tumanda yashovchi, kasb-hunar kolleji o‘quvchisi 28 fevral kuni uyida o‘g‘il bola chaqaloqni tug‘ib, hech kimga bildirmay, o‘zining kiyimi bilan chaqaloqni bo‘g‘ib o‘ldirib, so‘ng jasadni yuqoridagi kanalga tashlab yuborganligi aniqlangan.

2018 yilning 2 apreli. Aynan mana shu kuni Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topildi. O‘tkazilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida, bolani o‘ldirgan qotil o‘zining onasi ekani ma'lum bo‘ldi. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani, Ma'murobod qishlog‘i, Namuna ko‘chasida istiqomat qiluvchi Saidaxon Tillavoldiyeva Murodjon qizi o‘zining o‘g‘li bo‘lgan, 2015 yil 4 noyabrda tug‘ilgan Firdavsbek Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida, bolaning jasadini archa tagiga yashirib qo‘yadi.

Tezkor tadbirlar davomida, 3 aprel kuni Saida Tilavoldiyeva Toshkent shahrida qo‘lga olingan. Unga nisbatan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi