Izohli luğatdan: «Qasamyod – harbiy yoki boşqa şu turdagi xizmatga kirayotganda, ma'lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont içiş marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma köz öngida) amalga oşiriladi va qasamyod qiluvçiga uni – qasamyodni ado etmagani uçun yuridik javobgarlikni yuklaydi».
Demokratik tuzumlarda qasamyod köp uçramaydigan tadbir bölib, faqatgina mas'uliyat hajmi ulkan bölgan, mas'uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat körişi mumkin bölgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga çiqarişga safarbar etilgan idoradagina qöllanadi. Prezidentlar va harbiylar xalq oldida, sudda iştirok etuvçilar Haq oldida qasamyod qiladi.
Boşqa holatlarda demokratik jamiyatlar kişini qasamyod qilişga majbur etmaydi. Zero köpçilikning – jamoatçilikning fikriy salohiyatiga qurilgan, har bir şaxsning içki iqtidorini yuzaga çiqariş ila rivojlanişni qasd qilgan jamiyatlar uçun jamiyat a'zosini qasamga tayaşning nafaqat hojati yöq, balki mazkur jamiyatlarning maqsad-tamoyillariga zid hamdir.
Şaxsni ma'nan çeklaş, qasamga tayaş – ma'lum işlarga majburlaş uçun uni ma'nan tor «xonaga» solib maqsadga erişişga uriniş totalitar tuzumlarga xos bölgan odatdir. Qiziği şundaki, mazkur «çora»lar teppa-teskari natija beradi – çeklovlar natijasida rivojdan töxtagan, şaxsiy sifatlariga putur yetgan kişilardan iborat tizimlar tezda buzilib, işlamay qoladi va nihoyat, keng qamrovli böhronga yuz tutadi.
«Ajabo!» – Sirdaryoda hokim va prokurorlar oldida mahalliy fermerlar qandaydir qasamyod qabul qilişganini eşitib, köpçiligimiz bexosdan şu sözni aytgan bölsak ajab emas. Şu örinda «fermer» tuşunçasiga aniqlik kiritsak.
«Fermer (ingl. farmer) — yerga egalik qilib yoki ijaraga olib, özining qişloq xöjalik faoliyatini yurituvçi tadbirkor-dehqon. Oddiy dehqondan farqli fermer özining tovar xöjaligini töliqligiça bozor talabiga yuzlangan holda yuritadi».
«Fermer» sözining qisqa va lönda ta'rifidan biz fermer avvalo tadbirkorlik sub'yekti ekanligini bilib oldik. «Tadbirkor» tuşunçasini esa luğat «işlab-çiqariş, savdo va xizmat körsatiş sohasida foyda köriş maqsadida özining biror faoliyatini yurituvçi şaxs» deb ta'riflaydi va barça tavakkalçilikni öz zimmasiga olişini ham ta'kidlaydi.
















