Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning sobiq xodimi San'at Umarov ustidan hukm o‘qildi.

19 oktabr kuni boshlangan sud majlisi mobaynida ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan, sudlanuvchi S.Umarov va jabrlanuvchi N.Toshmatovaning ko‘rsatmalari tinglangan, sud tergovi o‘tkazilib, unda guvohlar so‘roq qilingandi.

Bugun, 21 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sudlanuvchi San'at Umarov (1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, Kattaqo‘rg‘on shahri IIB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

KUN.UZ muxbiri xabar berishicha, mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev tomonidan ko‘rib chiqildi, sudya hukmni o‘qib eshittirdi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, S.Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a», «z» bandlarida va 241-1 moddasida (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (etishda) aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudlanuvchiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda (ya'ni, u ozodlikdan chiqqanidan keyin 3 yil davomida davlat ishida ishlay olmaydi), 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi hamda jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashni belgiladi.