Bolaligimda ukam onamning gapiga kirmasa, «ana, do‘xtir kelyapti, ukol qilib ketadi»​, «hozir uxlamasang olabo‘ji kelib, seni yeb ketadi»​ qabilida iboralar ishlatishini ko‘p eshitardim. 

Ushbu holat o‘zbekcha «tarbiya»​ning an'anaviy, sinalgan va ta'sirchan usullaridan biri hisoblanadi. «Biz hammamiz qo‘rquv ostida tarbiyalanganmiz. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Farzand ota-onasidan hayiqib tursa, qing‘ir yo‘llarga kirmaydi, unda kattalarga hurmat hissi shakllanadi»​, deya fikrlovchilar, shu g‘oyaga ishonuvchilar ham bor.

Jamiyatda tarbiya va ta'lim uyg‘un tarzda olib boriladi. Uning uzilmas, bir-biriga bog‘liq zanjir sifatida talqin etilishi tarixi uzoq yillar davomida shakllangan qadriyatlarga borib taqaladi. Kamchilik va xatolar esa «sharqona tarbiya» dogmasi ortiga mohirona yashirib kelinmoqda. Afsuski, bugungi kunga kelib, butun jamiyat qo‘rquv kasalligiga duchor bo‘lganini tan olishga majburmiz. Nima uchun bunday xulosaga kelganimni turli mulohazalar orqali kengroq tushuntirishga harakat qilaman.

Ta'limdagi og‘riqli nuqtalar

Bog‘cha. Bolaning atrofni anglash borasidagi qarashlari shu dargohda mustahkamlanadi. Nima deb o‘ylaysiz: bu yerda mittivoylarning shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilganmi? Tarbiyachilar yetuk shaxsni yetishtirishga tayyormi? Savollarni bejiz bermayapman. OAV orqali MTM xodimi bolalarni urib, po‘pisa qilgani haqida tez-tez eshityapmiz, o‘qiyapmiz. Xo‘sh, sof tarbiya qanday bo‘lishi kerak? Bog‘chadayoq bolalalarga qo‘rquv urug‘ini ekish qanchalik foyda keltiradi? Maqsad itoatkorlikni yuzaga keltirishmi?

Maktabda ham qo‘rqitish mexanizmi qattiq ishlaydi, desak xato bo‘lmaydi. Dars qilib kelmagan o‘quvchining «chiroyli so‘zlar» bilan siylanishi oddiy misol bo‘la oladi. Ba'zi ustozlar jazoni butun sinf oldida qo‘llashni eng maqbul yo‘l deb bilishadi. Go‘yoki «ikkichi»​ni tartibga keltirish boshqa o‘quvchilarga ogohlantirish bo‘lib yangraydi. Ayrim o‘qituvchilar jismoniy og‘riq yetkazishni samarali usul deb