Gulnora Karimovaning manfaatlarini himoya qilayotgan shveysariyalik advokat Greguar Manja Shveytsariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayonini to‘xtatgani haqida xabar berdi.

Uning Twitter’dagi sahifasida ma'lum qilishicha, bu Gulnora Karimovaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ro‘y berdi.

«Shveytsariya federal jinoiy sudidagi uchinchi yirik g‘alaba (1 iyul). 555 million dollarni qaytarish darhol to‘xtatildi. Agar ushbu davlat mijozimizni o‘zboshimchalik bilan ushlab turishga yakun yasamasa, unda O‘zbekiston bilan hech qanday hamkorlik bo‘lmaydi. Unga borgan sari katta bosim o‘tkazilmoqda. Karimovaning hayoti xavf ostida», - deya ta'kidlab o‘tdi advokat.

Bundan oldin, Gulnora Karimovaning advokati mijozining ahvoli yaxshi emasligini ma'lum qilgandi.

Avvalroq, Adliya vazirligi Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyada o‘rganish o‘tkazayotgani xabar berildi.

Bosh prokuratura mart oyi boshida Gulnora Karimova jazoni o‘tash tartibini buzgani uchun qaytadan qamoqqa olingani haqida xabar bergandi.

«IIV Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni o‘tash talabi va shartlarini qo‘pol ravishda buzgani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G.Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada o‘tash jazosiga almashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarildi», – deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.