Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Termiz shahar hokimining «Termiz shahrida avtobus xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tib, qaror qabul qilindi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e'tirof etilishi belgilandi. 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faqat avtobuslarga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchi tashishga ruxsat berildi.

O‘z navbatida, qaror ostida yuzlab norozilik ohangidagi fikrlar qoldirilgan bo‘lsa-da, u bildirilgan fikrlar inobatga olinmasdan qabul qilingan. Buning natijasida, Termiz shahar hokimligi binosi oldida haydovchilar to‘planib, o‘z noroziligini bildirishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov Termizda «Damas» avtomashinalari yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirib chiqdi.

Aytilishicha, prezidentning 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2724 sonli qarorida «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi biror jumlaning o‘zi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724 sonli qarori bilan to‘liq tanishmagan aholida, «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash go‘yoki, «Prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ekan», degan noto‘g‘ri xulosa paydo qiladi.