O‘zbekiston | 21:10 / 17.11.2019
30177
9 daqiqa o‘qiladi

Moralesning qochishi, «Lukoyl»dagi mojaro, jurnalistlarga tahdid va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

YeOII bo‘yicha munozara davom etadi

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bo‘yicha bahs-munozaralar davom etmoqda.

Avvaliga ushbu ittifoqqa kirishga qat'iyan qarshi bo‘lgan «Milliy tiklanish» partiyasi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi. Partiya raisi Alisher Qodirov partiya mamlakatning iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov esa birgina migrantlar omilining o‘zi YeOIIga kirishga ikki qo‘lni ko‘tarib tarafdor bo‘lishga yetarli ekanini aytib o‘tdi.

Senatorning fikriga ko‘pchilik qo‘shilmadi. Iqtisodchi olim Sherzod Eraliyev Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolasida ittifoqqa kirish uchun o‘zbekistonlik migrantlar bilan bog‘liq iddaolar asossizligini isbotlab berdi.

Yana bir iqtisodchi Jamshid Muslimov YeOII haqida faktlarni keltirib, tashkilotga a'zo bo‘lgan mamlakatlar orasida Rossiyadan boshqa a'zo davlatlarning savdo balansi manfiyligini ko‘rsatib o‘tdi.

Xalqaro Valuta Jamg‘armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori o‘rinbosari Yuxa Kyaxkonen YeOIIga kirish boshqa mintaqalar bilan savdo yuritishni murakkablashtirishidan ogohlantirdi.

Senator Odiljon Iminovning fikrlarini Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan, ayni vaqtda Rossiyadagi mehnat muhojirlari huquqlari bilan shug‘ullanib kelayotgan huquqshunos Botirjon Shermuhammad ham munosabat bildirib, O‘zbekiston bu tashkilotga kirishdan aytilayotganidek ko‘p foyda olmasligini aytib o‘tdi.

Darvoqe, ushbu tashkilot a'zosi bo‘lgan Belarus prezidenti «Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor?» demoqda.

Evo Moralesning ag‘darilishi

10 noyabr kuni Boliviyada muxolifat tarafdorlari Patria Nueva (PRN) davlat radiostansiyasi va Bolivia TV (BTV) milliy telekanali joylashgan binoni qo‘lga olgani, 11 noyabrda Boliviya davlat rahbari Evo Moralesning mamlakatda yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini ma'lum qilgan va muxolifat vakili Karlos Mesa ushbu xabarga munosabat bildirib Boliviyaning amaldagi prezidenti yangi saylovlarida qatnashmasligi lozimligini qayd etgan. Keyinchalik mamlakatni 2005 yildan buyon boshqarib kelgan va to‘rtinchi muddatga saylana olmagan Evo Morales iste'foga chiqqanini e'lon qildi va poytaxt La-Pasni tark etdi. Unga Meksikadan siyosiy boshpana berildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Moralesning iste'fosini G‘arbiy yarimshardagi demokratiya uchun muhim voqea deb atadi.

12 noyabr kuni boliviyalik senator-demokrat Janin Anes o‘z zimmasiga Boliviyaning vaqtinchlik prezident vakolatlarini olishini e'lon qildi.

Farg‘onada fuqaro va chegarachilar o‘rtasidagi mojaro

13 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda niqobli chegara qo‘shinlari askarlari deyilayotgan shaxslarning mahalla hududida mashinalarni tekshirayotgani va bir o‘smirni kaltaklagani videosi tarqaldi.

Ushbu videoda mashinada o‘tirgan yigitlar tomonidan yashirincha tasvirga olingan. Unda harbiy formadagi, qora maska taqqan chegarachilar avtomobillarni nazorat qilayotgani ko‘rish mumkin. Askarlar yomon so‘zlar bilan so‘kib, fondagi ovozlardan kimdir kaltaklangani bilinib turibdi. Shu paytda mashinadan o‘smir bola tushib ketmoqchi bo‘ladi. Uning ortidan chegarachilardan biri «Ushla!» deb baqiradi.

Ko‘p o‘tmay DXX Chegara qo‘shinlari Farg‘onada fuqarolar nima uchun niqobli harbiy xizmatchilar tomonidan kaltaklanganiga munosabat bildirdi. Unda DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura bilan hamkorlikda mazkur fakt bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazayotgani, vaziyatga oydinlik kiritilgach, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ma'lum qilingandi.

«Lukoyl»ning millatchi xodimi

O‘tgan haftada internetda tarqalib ketgan yana bir video Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan voqeaga oid. 

Bu yerda Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi xodimi Ivan Shilov Jarquduq gaz tayyorlash majmuasining mahalliy ishchilarini «baran» deb haqorat qilgach, bu xodim ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markazida bo‘ldi.

«Yuksalish» umummilliy harakati ushbu video yuzasidan munosabat bildirib, «Lukoyl» kompaniyasi vakilining xatti-harakatiga jiddiy e'tibor qaratish lozim»ligini ta'kidladi.

Shuningdek, uchta siyosiy partiya bu mavzuni e'tibordan chetda qoldirmadi.

Xususan, «Adolat» SDP O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 13-moddasiga muvofiq, «Lukoyl» amaldorining harakatlarini qonunchilik me'yorlariga zid deb hisoblashini ma'lum qilib, kompaniya rahbariyati hamda tegishli davlat organlaridan bu masalaga oydinlik kiritishni so‘ragan.

Xalq demokratik partiyasi bu hodisa yuzasidan rasmiy izoh berilishini talab qildi, O‘zLiDeP shaxs qadr-qimmati, uning sha'ni daxlsizligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanishini eslatib, kompaniya rahbariyatidan inson sha'niga nisbatan qilingan bunday tajovuz ishtirokchisiga nisbatan ko‘rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berishni so‘radi.

Yakunda «Lukoyl» kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida kompaniya xodimi mahalliy ishchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani yuzasidan rasmiy bayonot berib, ushbu hodisa bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotgani, axloqiy qoidalardan chetlashgan Ivan Shilov «Lukoyl»ning Ishbilarmonlik etikasi bo‘yicha komissiyasining Moskvadagi yig‘ilishiga chaqirilganini ma'lum qildi.

Is gazining navbatdagi qurbonlari

O‘tgan haftada O‘zbekiston bo‘ylab to‘rtta viloyatda is gazidan zaharlanib jami 9 kishi vafot etdi.

O‘zbekistonda yana 10 kishi is gazidan zaharlandi, ikki fuqaro vafot etdi

Farg‘ona viloyati: voyaga yetmagan ikki qiz gazdan zaharlanib vafot etdi

Is gazidan zaharlanish bo‘yicha navbatdagi holat: Jizzaxda bir kishi vafot etdi

Namanganda ona va bolalari is gazidan zaharlanib vafot etdi, ota shifoxonada

«Shessikundda yo‘q bo‘lish»

 

Navbatdagi audio internetni kezib, O‘zbekistonni jahonga sharmanda qilishda davom etmoqda. Yana katta bir amaldor, yana qo‘rqinchli tahdid, yana chegarasiz qonunsizlik.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuvi tarqaldi. Audioda hokim jurnalistlarni prinsipsizlikda ayblagan, o‘g‘rilar jargonida «bedolaga», «petux» deb haqoratlagan, ularni gey deb e'lon qilish, mahalla-ko‘yda yurolmaydigan qilib qo‘yish bilan tahdid qilgan, «yo‘qolib qolishi» mumkinligini eslatgan.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi birinchilardan bo‘lib ushbu audioyozuvga munosabat bildirdi va bu holatni inson huquqlari va uning sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblab, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan ushbu holat yuzasidan himoyaviy chora ko‘rilishini so‘radi. 

Xalq demokratik partiyasi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini xalq va davlatga hurmatsizlik deb baholadi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida kun mavzusi yuzasidan munosabat bildirib, audioyozuv haqiqiyligi isbotlanmaguncha ushbu vaziyatga izoh berish noto‘g‘riligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston liberal demokratlar partiyasi «har qanday erkin fikr, erkin so‘z inson sha'niga daxl qilmasligi shart»ligiga e'tibor qaratdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi audioyozuv bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani hamda o‘rganish natijasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq audioyozuv bo‘yicha huquq-tartibot idoralari o‘z xulosalarini bildirishi kerakligini bildirib o‘tdi.

Bosh prokuratura jurnalistlarga tahdidlar yangragan audio bo‘yicha o‘rganish boshladi, Toshkent shahri hokimligida ham ishchi guruh tuzildi, Adliya vazirligi o‘rganish ishlarida Bosh prokuratura bilan hamkorlik qilishini bildirdi.

Mavzuga oid