Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning muxbirlarga qilgan tahdidi audiosi tarqalgani ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans keltirib chiqardi.

Audioda Ortiqxo‘jayev jurnalistlarni mahallada sazoyi qilishga, hatto jismonan yo‘q qilib yubora olishga qodirligini ta'kidlab o‘tgan.

Internet saytlari va blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari voqea borasida o‘z fikrlarini bildirishmoqda.

Qalampir.uz sayti shunday yozadi:

«Bugun OAV O‘zbekistonda shaxsan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev e'tiboridagi soha. Jurnalistlarning davlat va jamiyatdagi mavqeyini ko‘tarish, OAVni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga olib chiqishni talab qilyapti Prezident. Ayni shu davrda Ortiqxo‘jayevning bu xatti-harakatini qanday izohlash mumkin? Xo‘sh, endi kim davlatga va bugungi siyosatga dushman bo‘lyapti, jurnalistlarmi yo Ortiqxo‘jayev?»

Xabar.uz sayti voqea haqidagi xabarni shunday xulosalagan:

«Buni shunchaki qoldirib bo‘lmaydi. Demak, vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlardan oydinlik kiritishni talab qiladi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi ham o‘z munosabatini bildirishi maqsadga muvofiqdir».

Partiyalar ishtirokidagi debatda bloger Nozim Safari «Milliy tiklanish» partiyasidan bu borada munosabat so‘radi. Biroq, partiya nomidan gapirganlar mavzuga mutlaqo munosabat bildirishmasdan, umumiy gaplar bilan aravani quruq olib qochishdi.