6 dekabr kuni Özbekistonning Londondagi elçixonasida «Özbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida media anjuman bölib ötdi.

Tadbir doirasida Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Senati raisining birinçi örinbosari Sodiq Safoyev bilan suhbatda böldi.

«Hozir Özbekiston demokratiyasi uçun muhim saylovlar arafasida turibmiz. Saylovning ahamiyati Özbekiston bilangina çeklanib qolmaydi: Özbekistonning taqdiri, uning rivojlaniş yönalişi nafaqat Markaziy Osiyoga, balki kengroq miqyosda ham ahamiyat kasb etadi. Saylov jarayonlari xalqaro e'tiborni jalb etayotgani bejiz emas. Köp savollar bor, qiziqiş katta.

Saylov Özbekistonning xalqaro moliyaviy-iqtisodiy reytinglariga ta'sir körsatadi. Sarmoyadorlar köpinça u yoki bu mamlakatga pul tikiş mumkinmi-yöqmi deganda birinçi navbatda u yerdagi siyosiy barqarorlik, xalq va hukumat örtasidagi muloqot darajasi, huquqiy poydevor va qonun ustuvorligi masalalariga ahamiyat qaratişadi. Bularning barçasi parlament va parlament saylovlariga boğliq.

Demak, oldimizda turgan hodisa nafaqat siyosiy ahamiyatga ega; saylovlar Özbekistonga iqtisodiy manfaat ham olib kelişi mumkin», – deydi Safoyev.

– Yangi saylanadigan parlament hozirgisidan qançalik va qaysi jihatlari bilan farq qiladi, deb öylaysiz?

– Albatta, buni saylov körsatadi. Biz öz umidlarimizni aytişimiz mumkin. Kelajak parlament – bu Özbekiston siyosatçilarining yangi avlodi. Ular xalqning orzu-umidlari va muşkulotlarini çuqur tuşungan, iç-içidan anglagan va ularni sidqidildan ilgari surişga tayyor bölgan, vatani uçun, xalqi uçun jon kuydiradigan samimiy insonlar bölişi kerak.

Ikkinçidan, yangi parlament yuqori darajada professional, xalqaro miqyosda raqobatbardoş bölişi kerak. Çunki Özbekistonning kelajagi va mamlakatning raqobatbardoşligi birinçi navbatda uning qonunlari bilan, parlament öz funksiyalarini bajarişi bilan boğliq. Yangi parlament şunga qobil bölişi kerak.

Eng muhimi, parlament dovyurak bölişi kerak. Hukumatni tanqid qilişi, hukumatning turli organlarini javobgarlikka tortib, qonunlar va xalqaro majburiyatlarimizni ijro etişga nafaqat da'vat etiş, balki kerak bölsa majbur qilişga qodir organ bölişi kerak. Buni xalqimiz kutyapti.