O‘zbekiston | 15:43 / 06.01.2020
11606
2 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Qashqadaryo viloyatida maktablar yetishmasligiga e'tibor qaratdi

Qashqadaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev 2019 yil yakunlari va 2020 yilgi vazifalarga bag‘ishlangan brifingda umumta'lim maktablariga qatnov muammolariga to‘xtaldi.

«Maktablardagi qatnov (smena) bo‘yicha eng og‘ir viloyatlardan biri Qashqadaryo bo‘lsa kerak. Tezlik bilan hech bo‘lmaganda, maktablarga qo‘shimcha binolar qurilishini boshlab, muammoni biroz bo‘lsa-da, yengillatishimiz lozim.

O‘tgan yili investitsiya dasturiga asosan ijtimoiy sohada 328 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. 64ta maktab, 42ta bog‘cha qurilgan va kapital ta'mirlangan. Ammo, muammo yuki hamon og‘irligicha qolmoqda. Bu yil investitsiya dasturi asosida 23ta umumta'lim maktablari quriladi.

Maktabgacha ta'lim muassasalari yetishmasligi ham e'tiborimizdan chetda qolmasligi kerak. To‘g‘ri, uch yil oldin bog‘cha quraman degan tadbirkorning o‘zi yo‘q edi.

Bugun sohaga qiziqish ortmoqda. Shunga qaramay, yaqingacha MTMlarga qamrov 37,8 foiz edi, ayni paytda bu ko‘rsatkich 47,6 foizga ko‘tarildi. Ammo bu raqam ham hali hech birimizni qoniqtirmaydi», — deya Zoyir Mirzayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida hamda Shahrisabz tumanidagi yangi mahallada maktablar yetishmayotgani yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar e'lon qilingandi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid