Islom inqilobi soqchilar korpusining (IISK) Harbiy-kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizodaning ma'lum qilishicha, Tehron yaqinida halokatga uchragan Ukrainaning Boeing samolyoti havo hujumidan mudofaa tizimi operatori tomonidan qanotli raketa sifatida baholangan, ammo aloqadagi nosozlik sababli u bu haqda qo‘mondonlikka xabar bermagan va mustaqil ravishda laynerni raketa yordamida urib tushirishga qaror qilgan. Bu haqda IRNA xabar bermoqda.
«Yoki xalal beruvchi shovqinlar tizimi ishlab ketgan, yoki tarmoq band bo‘lgan, ammo u aloqani o‘rnata olmagan. U besh soniya ichida qaror qabul qilish imkoniyatiga ega edi. Afsuski, noto‘g‘ri qaror qabul qildi va samolyot raketa bilan urib tushirildi», - dedi general.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron harbiylari Iroqdagi AQSh bazalariga zarbalar vaqtida havo harakatini yopib qo‘yish haqida so‘rashgan, ammo bu talab e'tiborga olinmagan. Hojizodaning ta'kidlashicha, AQSh Eronga zarba berishi ehtimoli bo‘lgani tufayli harbiylar yuqori jangovar shaylik holatida edi. Ukrainaning Boeing samolyoti, operator tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, qanotli raketa sifatida noto‘g‘ri baholangan va keyinchalik urib tushirilgan. Hojizodaning aytishicha, avialayner qisqa masofaga mo‘ljallangan raketa bilan urib tushirilgani uchun IISK javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi. Generalning qo‘shimcha qilishicha, halokat haqida eshitganida «o‘lishni xohlagan».
7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSh hamda xalqaro koalitsiya obektlariga zarbalar berdi




















