Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarning seshanba kuni Nature Medicine jurnalida e'lon qilingan natijalari shuni ko‘rsatadiki, yangi virusli infeksiyani bartaraf etish mexanizmi odatiy grippga qarshi kurashdan deyarli farq qilmaydi.
Bu shuni anglatadiki, o‘rganishlar koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqishda yordam beradi.
Bugunga kelib dunyo bo‘ylab 160dan ortiq davlatda 190 mingdan ortiq infeksiya holati tasdiqlangan; koronavirus 7,5 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Koronavirus bolalarni chetlab o‘tayotgani rostmi? Shunday bo‘lsa, sababi nima?
«Ushbu kashfiyot juda muhim, chunki biz birinchi navbatda immunitet tizimimiz yangi koronavirus bilan qanday kurashishini juda yaxshi angladik», deydi tadqiqotning hammuallifi, professor Ketrin Kedzirska.
Melburn shahridagi Piter Doerti infeksiyalar va immunitet institutida o‘tkazilgan tadqiqotni ko‘plab mutaxassislar yuqori baholashdi.
Arbidol, ignabarglilar va qizilmiya ildizi. Xitoyda koronavirusni qanday davolashmoqda?
Olimlar nimani kashf etishdi?
Covid-19 virusini yuqtirgan odamlarning aksariyati sog‘ayib ketishi inson immuniteti virusga samarali qarshi tura olishini tasdiqlamoqda.
Ammo bu kurash aynan qanday amalga oshadi? Ushbu jangda ishtirok etuvchi to‘rt xil immunitet hujayralarini aniqlagan avstraliyalik olimlar bu savolga javob topishdi.
Tadqiqotlarda koronavirus keltirib chiqargan zotiljam yengil shaklda kechayotgan va avvallari hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan ko‘ngillilar ishtirok etdi.
Shunday qilib, Avstraliyadagi kasalxonalardan biriga keyinchalik 14 kun ichida sog‘ayib ketgan uxanlik 47 yoshli ayol yotqiziladi.
Professor Kedzirskaning BBC nashriga bergan intervyusida tushuntirishicha, tadqiqotchilar «ushbu bemor immun tizimining reaksiyasini to‘liq o‘rganib chiqishgan».
















