Kun.uz'ga kelib tushayotgan murojaatlarning katta qismi ko‘chmas mulk daxlsizligi va yer munosabatlariga doir masalalardir. Bobur Akmalov «KUN.MUNOSABAT» ruknida jurnalistlar Tolib Rahmatov va Jamshid Niyozov bilan ayni mavzu yuzasidan fikr almashdi.

Dastlab Tolib Rahmatov o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tolib Rahmatov

«Menimcha, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan boshlab xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiyada yozib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, tom ma’noda ta’minlanmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib qolamiz, turli davlatlarda uylar chetlab o‘tilib, eksi uylar ham saqlab qolingan va yo‘l uy yonidan qurilgan. Bu degani o‘sha davlatda xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya darajasida ta’minlangan, qonunlar ishlaydi. Bizda esa konstitutsiyada yozilgan-u, afsuski, bu amalda ta’minlanmaydi.

Masalan, Bekobod tumanida yosh tadbirkor autsionda xususiy mulk sifatida yer maydoni sotib olyapti, binoni qurishga ruxsat olib, qurilish boshlayapti. Lekin qonun ishlashini nazorat qiladigan tuman prokurori borib, qurilgan joyni buzyapti. Qonun himoyachisi qonunsizlik qilyapti.

Yana bir misol. Qashqadaryoda bitta yer maydoni 3ta tadbirkorga bo‘lib berilyapti. Bir yer uchastkasi orada 9 oylik tanaffus bilan 3ta tadbirkorga berilyapti. Bitta tadbirkorning joyi autsionda sotilib ketgan, bittasining binosi buzilib ketgan, natijada ular ham binodan, ham pulidan ajralyapti. Lekin binoni qurolmayapti. Sudga, hokimning oldiga borib, qarorni bekor qilishini so‘rab, sarson bo‘lyapti.

Yaqinda Toshkent shahar hokimligi va «Regent Corp» MChJ o‘rtasida ham katta shov-shuv bo‘ldi. Hokim bilan uchrashuv ham bo‘ldi. Unda MChJ tarkibida bo‘lgan investorlarning hech qaysi biri chet ellik emasligi aytildi. Vaholanki, Tashkent City qurilishida, Toshkent shahar hokimligi bizni chaqirganda shaxsan o‘zim borganman. Shunda jurnalistlar investorlar orasida 19 yoshli germaniyalik ham borligi haqida savol bergan edi. O‘shanda Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayev: «Menga O‘zbekiston fuqarosi bo‘ladimi, boshqami, farqi yo‘q. Menga investitsiya kiritsa bo‘ldi», degandi.