Moratoriyga qaramay, Denovda daraxtlar yoppasiga kesildi. Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ma'lumot berishicha, “Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK”ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F. tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxt ruxsatnomasiz kesib tashlangan. O‘simlik dunyosiga 329 mln 157 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, J.F. MJtK 79-moddasining 1-qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan 2 mln 245 ming so‘m miqdorida jarima solingan.

Ammo, Kun.uz tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki J.F.ning xatti-harakatlari MJtK 79-moddasi emas, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan malakalanishi lozim edi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

JK 198-moddasining 2-qismiga ko‘ra, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, qilmish jinoyat deb topilishi kerak. JKga ko‘ra, ko‘p miqdor deb BHMning 300 baravari – ya'ni 73,5 mln so‘mdan 500 baravari – 122,5 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdor tushuniladi.

Denovdagi holatda esa ko‘p miqdor tugul, juda ko‘p miqdor (BHMning 500 baravari – 122,5 mln so‘m va undan ortiq bo‘lgan miqdor)da zarar yetkazilganiga guvoh bo‘lish mumkin – 329 mln so‘m!

Bundan tushunish mumkinki, yetkazilgan zarar 73,5 mln so‘mga yetmasagina daraxtlarni noqonuniy kesish ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadi va MJtK 79-moddasi 1-qismi bilan malakalanadi.