20 iyuldan boshlab, umumiy ovqatlanish obektlari – restoran va oshxonada tayyorlangan taomlarni yetkazib berish xizmati (keytering) bilan faqat soat 8:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqtlarda shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.
Umumiy ovqatlanish obektlari 28 iyundan buyon soat 08:00dan 20:00gacha faoliyat yuritmoqda.
Ikki kun oldingi qarorga ko‘ra, ularga 20 iyuldan boshlab endi faqat ochiq maydonlarda ishlash talabi qo‘yilgandi. Bugun ma'lum bo‘lishicha, bu talab mehmonxonalarda tashkil etilgan restoran va kafelarga taalluqli emas.
Ta'kidlash kerak, Maxsus komissiya qarorlari yo‘l-yo‘lakay va pala-partish qabul qilinayotgandek taassurot uyg‘otadi. Tuzilganiga bir yarim yil bo‘lgan keng vakolatli organning rasmiy sayti ham, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ham yo‘q. Komissiya qabul qilayotgan qarorlar yagona va rasmiy platformaga birlashtirilmagan.
O‘zbekistonda yana antirekord: Kunlik bemorlar soni 1100ga yaqin, kunlik o‘limlar soni oshdi
Koronavirus tarqalishi tezlashayotgani tufayli, shuningdek:
— 20 iyuldagi Qurbon hayiti namozi bekor qilinib, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etildi;
— juma namozlari vaqtincha to‘xtatildi;
— 20 iyuldan boshlab yopiq binolarda o‘tadigan to‘ylar va boshqa oilaviy tadbirlarga 50 kishilik cheklov qo‘yildi.
















