Kun.uz Termiz shahrida faoliyat yurituvchi “Great Abeka” MChJ rahbari Bekzod Xudoyberdiyevning murojaatini o‘rgandi.
Xudoyberdiyevga ko‘ra, uning firmasiga xizmat ko‘rsatuvchi Trastbank xususiy aksiyadorlik banki Termiz filialida ochilgan hisobraqamidagi 2 mlrd 352 mln so‘m pullar shu filial mas'ul xodimlari tomonidan, uning ruxsatisiz va xabarisiz, 2021 yil fevral–mart oylarida o‘nlab firmalarga turli shartnomalar asosida chiqarib yuborgan holda talon-toroj qilingan.
Xudoyberdiyevning aytishicha, undan bexabar holda chiqarib yuborilgan pullarning 1 mlrd 330 mln so‘mi o‘sha davrning o‘zida (fevral–mart) hisobraqamga qaytarib qo‘yilgan. Ammo 969,5 mln so‘m pul qaytarilmasdan qolgan.
Shundan so‘ng tadbirkor 2021 yil 10 aprel kuni bankning respublika boshqaruvi raisi nomiga shikoyat yo‘llagan.
Uning bu murojaati ishchi guruhi tuzilgan holda o‘rganilgan va “Great Abeka” MChJ hisobraqamidan asossiz chiqim qilingan deb topilgan 969,5 mln so‘m ham tadbirkorga qoplab berilgan (bu haqda Trastbank XAB tomonidan 2021 yil 15 iyul kuni tadbirkorga yo‘llangan javob xatida aytiladi).
Ammo tadbirkorning aytishicha, chiqarib yuborilgan pul unga 52,7 mln so‘m kam tafovut bilan qaytarilgan. Bundan tashqari, tadbirkorga uning xabarisiz, bank xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bilan qilingan shartnomaviy operatsiyalar hisobiga 95,8 mln so‘m QQS va 2,3 mln so‘m bank xizmatlari uchun to‘lov majburiyati ham yuzaga kelgan.
Shuningdek, tadbirkor Trastbank Termiz filiali tomonidan 2021 yil 27 mart kuni 01-sonli kirim memorial orderi bilan 137,5 mln so‘m hamda 2021 yil 29 mart kuni 5-sonli kirim memorial orderi bilan 55,5 mln so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisobraqamiga kirim qilinishi bo‘yicha memorial order tasdiqlanib berilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘lar ham “Great Abeka” MChJning hisobraqamiga kirim bo‘lmaganini aytmoqda.
Tadbirkor o‘ziga asossiz yuk bo‘lgan QQS, bank xizmatlari uchun hisoblangan to‘lov va 2 ta memorial order bo‘yicha olingan pullar hisobraqamda ko‘rinmagani haqidagi vajlar javobsiz qolayotganidan xavotirda.
“Tadbirkor sifatida men uchun har bir so‘mim qadrli va ahamiyatga ega. Yo‘q joydan yuz millionlab zararga kirib qolyapman. Endi pullarimni bankda saqlashga qo‘rqib ham qoldim”, – deydi “Great Abeka” MChJ rahbari Bekzod Xudoyberdiyev.


















