3 yashar qizchasini ayiqqa yem qilmoqchi bo‘lgan ona voqeasi atrofidagi muhokamalar bir necha kundirki tingani yo‘q. Kun.uz hodisa qanday ro‘y berganini o‘rgandi, fojiaga sababchi bo‘lgan ayolning xonadonida bo‘lib, u nega bunday holatga tushib qolganini aniqlashga urindi. Biroq mavzu bo‘yicha qator savollar haligacha ochiq qolmoqda.

Ruhiy xasta ayol qanday qilib ishga qabul qilingan?

Fojia sabablari haqidagi surishtiruvimiz tafsilotlari e’lon qilingach, o‘quvchilarimizdan ko‘plab savollar kelib tushdi. Jumladan, ko‘pchilik ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turgan ayolning talabalarga dars berishiga qanday qilib yo‘l qo‘yilgani, nima uchun oliy ta’lim muassasasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga olinayotgan shaxsning salomatligi haqida ma’lumotnoma talab qilinmagani bilan qiziqdi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti xodimlar bo‘limi boshlig‘i Dilbar Aripovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Zilola To‘laganova ishga kirayotganda sog‘lom ekani qayd etilgan tibbiy ma’lumotnoma taqdim etgan.

“Institutga har bir o‘qituvchi tartibimiz bo‘yicha 4 ta mas’ul xodimning suhbatidan o‘tib, kerakli hujjatlarni taqdim etganidan so‘nggina ishga qabul qilinadi. Talab etilgan hujjatlarning orasida ishga qabul qilinayotgan xodimning sog‘lomligi haqidagi ma’lumotnoma ham bo‘lishi shart.

Zilola To‘laganovaga Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 43-sonli oilaviy poliklinika tomonidan 653-raqamli 2021 yilning 30 avgust kunida uning sog‘lom va ishga layoqatli ekanligini tasdiqlovchi tibbiyot ma’lumotnomasi berilgan. Ma’lumotnomada 9 ta (terapevt, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, ginekolog, dermatolog) shifokorning Zilola To‘laganovaning sog‘lom ekanligini tasdiqlovchi imzosi ham qo‘yilgan. Biz shu ma’lumotnomaga asoslanib, uni ishga qabul qilganmiz”, deydi Dilbar Aripova.

Ma’lum bo‘lishicha, Z.To‘laganova institutga 2021 yilning 6 sentabr kuni 0,5 stavkaga tashqi o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilingan. U institutning 3-kurs talabalariga reklama va amaliy grafikadan dars bergan.