Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Rossiya hukumati propagandachilaridan ekani aytiladigan jurnalist Vladimir Solovev o‘rtasidagi suhbatda Ittifoq davlatining kengayishi haqida so‘z bordi.

YouTube'dagi “Solovyov LIVE” kanalida e’lon qilingan intervyuda Aleksandr Lukashenko 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.

Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida] bo‘ladi”, – deya gap boshlagan Lukashenko.

U so‘zining davomida Armaniston “hech qayerga bora olmasligi” sabab Ittifoq davlatiga qo‘shilishini taxmin qiladi. “Ular kimgadir kerak deb o‘ylaysizmi?” deydi Belarus prezidenti.

Sanoqda Ozarboyjonga kelgan Lukashenko bu mamlakat u nazarda tutayotgan uyushmadan chiqib ketgani, Ozarboyjonni Turkiya “juda jiddiy qo‘llab-quvvatlayotgani”ni aytadi. “Biz bu [Ozarboyjon] bo‘yicha ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu”, ta’kidlaydi prezident.

Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, menimcha, avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular ham qo‘shilishadi”, – dedi Aleksandr Lukashenko.

U Ittifoq davlatining a’zolari suveren bo‘lib qolishini qo‘shimcha qilgan.

“Bu – mustaqil davlatlar ittifoqi bo‘ladi. Yo‘q, mustaqil emas, suveren davlatlar. Mustaqillik – nisbiy tushuncha. Hamma gaz va neft Rossiyadan kelib turgan bo‘lsa, men qanday qilib mustaqil bo‘lishim mumkin?” deydi Lukashenko va ittifoq a’zolari o‘z davlat ramzlari va rahbariyatlarini saqlab qolishini qo‘shimcha qiladi.

Ma’lumot uchun, Belarus va Rossiya 1999 yilda Ittifoq davlati nomi ostida integratsiyaga kirisha boshlagan