Allamjonov yo‘l transport hodisalari sabab birgina 2021 yilning o‘zida 2,4 mingdan ortiq odam, xususan 263 nafar bola halok bo‘lganini ta’kidlaydi.

“Bu – avtohalokat sodir bo‘lgan joyda, o‘sha paytning o‘zida o‘lganlar soni. Yana minglab odamlar og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga keltirilib, oradan vaqt o‘tib, vafot etadi. Qanchadan qancha odam bir umrga nogiron bo‘lib qoladi.

2 mingdan ortiq odam bu taxminan 10ta samolyot to‘la yo‘lovchi degani. Agar qaysidir davlatda bitta samolyot halokatga uchrab, 200 nafar odam o‘lsa, butun dunyo matbuoti bong uradi, dillar xira bo‘lib, hammani xavotir bosadi. Bizning yo‘llarimizda esa yiliga o‘ntalab samolyot odam halok bo‘lyapti”, – deydi u.

Komil Allamjonov farzandlarining maktabga qatnashidan xavotirlanishi, chunki ko‘chadagi haydovchilarning 80 foizdan ko‘prog‘i haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olganini aytadi.

U, shuningdek, avtohalokatlar haydovchilarning bilim darajasidan tashqari, yo‘llarning sifatiga ham bog‘liqligini qayd etib, xavfsizlik ta’minlanishi uchun infratuzilmani ham tartibga solish zarurligini ta’kidlaydi.

“Men bugundan boshlab avtohalokatlar sonini pasaytirish, unda odamlarning o‘limi bilan bog‘liq holatlarni kamaytirish uchun kurashga bel bog‘ladim. Men inson omili aralashmagan, tanish-bilishchilik aralashmagan, korrupsiya aralashmagan sifatli va samarali imtihon markazi barpo eta olganim bilan faxrlanaman.

Bu – monopoliya emas. Menga bu yorliqni yopishtirishga urinmang. Hukumat shunday qaror qabul qildi va men fuqaro sifatida shu imkoniyat asosida tizim joriy qilib, litsenziya oldim. Bu manfaatlar to‘qnashuvi ham emas. Qarorning qabul qilinishida men tomonimdan lobbi ham bo‘lmagan”, – deydi Komil Allamjonov.

“Toshkent imtihon markazi” asoschisi o‘z murojaatida bu bozorga kirish cheklanmagani, biroq g‘irromlikka yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan.

“Bu bozor rostdan ham ochiq. Lekin unda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Imkoniyat bor. Yangi muassasalar ochilsin, sifatli ishlasin, pulini halollab olsin. Faqat guvohnoma sotadigan do‘konga aylanmasin.

Men jamoatchilik e’tiborini shu tarafga qaratishga, sifatli va korrupsiyadan xoli tizim shakllanishini nazoratga olishga chaqiraman.