Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban idoraning 33 yashar xodimi marhum Samir Rahmonov ish joyida vafot etgani haqidagi iddaolarni rad etdi.
“Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov ishxonada emas, ko‘p tarmoqli kasalxonaga olib borilganda o‘lgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan xulosa berilgan. Bu birinchisi.
Ikkinchidan, ishni ko‘rib chiqishni tugatish haqida 2022 yil yanvarda chiqarilgan sud qarori bor. Chunki da’vogar marhum Samir Rahmonovning otasi vafot etgan. Bu qaror hali kuchda, hech kim uni muhokama qilgani ham yo‘q, bekor qilgani ham yo‘q.
Sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun murdani yorib ko‘rish kerak. Marhumning otasi bunga rozilik bermagan va bu haqda tilxat yozib bergan”, deya ta’kidlagan Svetlana Ortiqova.
Bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘ra, ekspertiza xulosasida ham Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emasligi qayd etilgan.

“Ma’naviy zarar undirish Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida aks etgan. Ma’naviy zararni aniqlashda uni yetkazuvchining aybini tasdiqlash kerak. Jinoyat ishi tergovoldi surishtiruv natijasida JPKning 83-moddasi 2-qismiga, ya’ni jinoyat tarkibi mavjud emas deb topilgan. Shunga ko‘ra Rahmonovning o‘limida Bosh prokuraturaning aybi yo‘q.
Xizmat bilan bog‘liq o‘lim deyish uchun yuz bergan o‘lim holatining xizmat bilan bog‘liq joyi bo‘lishi kerak. Bu qonunni men ishlab chiqqanim yo‘q, lekin men unga itoat qilishga va bajarishga majburman. Ekspertiza ham Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emas degan xulosaga kelgan. “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 50-, 56-moddalariga asosan marhumning o‘zi va uning oila a’zolari himoyaga olingan va yetarlicha moddiy yordam ko‘rsatilgan”, deydi u.
Matbuot anjumanida Svetlana Ortiqova Bosh prokuratura tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi marhum Samir Rahmonovning oilasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli to‘lash va Bosh prokuraturadan 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish haqidagi hal qiluv qaroriga nisbatan protest kiritilishi yoxud Oliy sudga takroran kassatsiya kiritilishi mumkinligini istisno etmagan.




















