O‘zbekiston | 14:10 / 01.06.2022
17906
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “buxanka” narxi 2 800 so‘mga ko‘tarildi

Kutilganidek, g‘allani fermerlardan bozor narxida sotib olishga o‘tilayotgani qolipli non narxlarida aks etdi. Eng katta “sakrash” Toshkentda kuzatildi: “buxanka” 1600 so‘mdan 2800 so‘mga qimmatlashdi. Boshqa turdagi nonlar narxida katta o‘zgarish yo‘qligi aytilmoqda: ular avvaldan bozor narxida sotib kelinadi. Shuningdek, ayrim hududlarda, xususan Xorazmda qolipli non bungacha ham 3 ming so‘mga yaqin narxda sotilayotgandi.

Bugun, 1 iyundan Toshkentdagi aksariyat bozorlar va do‘konlarda qolipli non 2800 so‘mdan sotila boshlandi. Bir kun oldin poytaxtda “buxanka” narxi 1600 so‘m edi.

Narxlar oshishi shu paytgacha ortga surib kelingan g‘alla islohoti bilan bog‘liq: hukumat g‘alla yetishtiruvchilardan bug‘doyni bozor narxida sotib olishga o‘tib, un narxini subsidiyalashni to‘xtatmoqda.

Kun.uz suhbatlashgan ayrim fermerlar avvalgi yillarda yetishtirilgan bug‘doy uchun davlat to‘lagan narxlar ularning hatto xarajatlarini ham qoplamaganini aytdi.

Shuningdek, fermerlar davlatga don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajarganiga qaramay, ortiqcha yetishtirilgan bug‘doy majburan tortib olinishi holatlari butun respublikada odatiy holga aylangan edi. Hosil uchun bozor narxida to‘lov qilinishi shu kabi holatlarga ham chek qo‘yishi, dehqon ortiqcha yetishtirgan g‘allasini ham ixtiyoriy ravishda birjaga chiqarishdan manfaatdor bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 30 mart holatida birinchi navli undan tayyorlangan 600 grammlik qolipli non respublika bo‘ylab o‘rtacha 2233 so‘mdan sotilgan. Eng qimmat narxlar Xorazm (2949 so‘m), Namangan (2647 so‘m) va Jizzax (2552 so‘m) viloyatlarida bo‘lgan, faqatgina Toshkent shahri va Toshkent viloyatida “buxanka” narxi 2 ming so‘mdan past bo‘lgan.

Un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish aslida 2018 yil sentabr oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra davlat subsidiya ajratishni davom ettirdi.

Avvalroq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida pensionerlar va nafaqaxo‘rlarga Toshkentda 400 ming so‘mdan, boshqa hududlarlarda 300 mingdan pul tarqatish boshlangandi.

Shuningdek, kam ta’minlangan oilalardagi 4,5 million nafar bolaning har biri uchun 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam to‘lanmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har bir oila a’zosi uchun 20 kilodan un ham tarqatilishi belgilangan.

Mavzuga oid