Tergov va sudlarda shunday ishlar bo‘ladiki, uni ko‘rgan har qanday shaxs qonunlarni buzish va adolatsizlik bo‘lganini hech bir qiyinchiliksiz tushunib oladi. Buning uchun albatta sudya bo‘lish shart emas.
Kun.uz sayti Toshkent tuman IIB xodimlari va jinoyat sudi sudyalarining ana shunday “buyurtma” ishlari haqida maqola e’lon qilgandi.
Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi (boshlig‘i Aziz Obidov) ushbu maqolaga munosabat bildirar ekan, jurnalistni noxolislik va malakasizlikda ayblaydi.
Bu ham yetmaganday, tanqid qilingan ish bo‘yicha hukm to‘g‘ri ekanini ta’kidlab(?!), beixtiyor uni chiqargan sudyalarga dalda bo‘ldi.
“Sudlanuvchining aybi uning aybiga qisman iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, sud majlisida so‘roq qilingan guvohlar, qo‘shimcha guvohlarning tushuntirishlari, jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda boshqa obektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq tasdig‘ini topgan”, deb yozadi Aziz Obidov rahbarlik qiladigan boshqarma.
Jurnalist shaxsga berilgan jazo haqida fikr bildirar ekan, bunga jamoatchilik vakili sifatida haqqi bor. Ammo qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudidagina baho berilishi mumkin bo‘lgan hujjatni “qonuniy” deyishga Aziz Obidovda qanday huquq bor? Oliy sudning (A.Obidov timsolida) hali apellyatsiya instansiyasida ko‘rilayotgan ishlarni hozirdanoq “qonuniyligi” haqida bong urishi ushbu bosqich sudyalariga qo‘shimcha dalda bo‘lmaydimi? Oliy sudning o‘zidan dalda bo‘lib turar ekan, quyi sud sudyalari o‘zlarini yig‘ishtirib olarmidi?
Albatta, jurnalist – birinchi navbatda ijodkor. U – sudya emas, sovuq ohang ufurib turgan matnlarga hissiz, ammo yurakni o‘yib tashlaydigan so‘zlarni ketma-ket tirkamaydi. Jurnalist matnlarida emotsiya biroz bo‘rtishi tabiiy, ayniqsa, bir inson taqdiri “plan” ortidan quvadigan mas’uliyatsiz tergovchilar-u ularning yo‘rig‘idan chiqmayotgan ayrim sudyalarning panja(ra) ortidagi nigohlari bilan azoblar va adolatsizliklarga mahkum etilayotgan bo‘lsa.
Obidov qalamkash noxolislik va hissiyotlarga berilgan holda “xolis va adolatli sudyalarga tashlanayotgani”ni iddao qilgan. Agar sud tizimimiz, sudyalarimiz u himoya va iddao qilayotganidek xolis va adolatli bo‘lganida prezident Mirziyoyev 2026 yilgacha amalga oshirilishi shart, deya sanagan bosh islohotlar ro‘yxatining ikkinchi pog‘onasida turmagan bo‘lar edi.








