— Fuqarolarga xarid summasidan 1 foiz miqdorida keshbek to‘lash tizimi doimiy bo‘lib qoladimi yoki Soliq qo‘mitasi qanchadir vaqtdan keyin keshbek to‘lab berishni to‘xtatmoqchimi?
— Qo‘mitaning pozitsiyasi shuki, keshbek to‘lab berish uzoq vaqt saqlanib qolishiga umid qilamiz. Chunki u o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatdi. Shu jumladan, keshbek va soliq hamkor orqali tekshiruvlar onlayn kassa mashinalari orqali aylanmani 1,6 barobar oshirish imkonini berdi.
Bu jarayon bardavomligini davom ettirishga imkoniyatimiz bor. [Yil boshidan to] bugunga kelib 1,1 mlnga yaqin fuqarolarimizga 330 mlrd so‘m keshbek to‘landi. Bu tizimni davom ettirish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.
— Keshbek yig‘ayotgan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish, ya’ni sotib olayotgan mahsulotlari, xarid qobiliyati va vaqtiga doir ma’lumotlar tadbirkorlarga sotilmaydimi? Umuman olganda, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qanchalik himoyalangan?
— Yaqinda ko‘rgan bo‘lsangiz, Telegram'da bir guruh chiqib, biz Soliq qo‘mitasi serverlarini bunday qildik, shaxsiy ma’lumotlarimiz bor, keshbek bo‘yicha odamlarning ma’lumotlariga ega bo‘ldik, uning bir qismini e’lon qilyapmiz, deb aytishdi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Aynan Kun.uz orqali fuqarolarimizdan iltimos qilib so‘rar edimki, har xil guruhlarga o‘zlaringizning shaxsiy ma’lumotlaringizni qo‘ymang. Agar soliq hamkor va keshbek bo‘yicha murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, ilovaning tepasida ID raqamingiz bor. Shuni yozib murojaat qilishingiz mumkin.
Har bir fuqaro o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi va ochiq manbalarda ularni saqlamaslikka harakat qilishi kerak. Davlat soliq organlariga siz soliq mobil ilovasi orqali bergan ma’lumotlaringiz to‘liq xavfsiz saqlanadi. Biz bir kunda kamida 50-60 ta Dos va DDos* hujumlarini bartaraf etamiz. Dunyoning turli nuqtalaridan bu ishni qilishga harakat qilishadi.
Qanday qilib xaridlardan 1 foizlik keshbek olish mumkin? | Qo‘llanma
Prezidentimiz 16 mart kuni kelganlarida biz buni namoyish etganmiz. Buning uchun maxsus guruh 24/7 rejimida ishlaydi. Aytmoqchimanki, Soliq qo‘mitasi serverlariga ta’sir ko‘rsatish – oson ish emas. Tizimlarimiz orqali Soliq qo‘mitasiga taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlar to‘liq xavfsiz saqlanishiga harakat qilyapmiz va bu bo‘yicha tinimsiz ishlayapmiz.






